Superligada tomoshabinlar tashrifi borasida antirekord: qaysi klublar o‘yiniga eng kam muxlis kelgan?

Sport 11:46 / 29.11.2019 11207

Superliga 25-turida tomoshabinlar tashrifi borasidagi mavsum antirekordi qayd etildi.

PFL rasmiy sayti ma'lumotlariga ko‘ra, 27 noyabr kungi chempionatning 25-turidan o‘rin olgan OKMK – «Qizilqum» uchrashuviga Olmaliqdagi stadionga bor yo‘g‘i 246 nafar tomoshabin tashrif buyurgan. Bu joriy mavsumdagi Superliga uchrashuvida yig‘ilgan eng kam tomoshabin tashrifidir.

 Mavsum antirekordi qayd etilgan bu bahsda Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi mezbon jamoa OKMK Navoiyning «Qizilqum» jamoasi ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va 8-o‘ringa ko‘tarildi.

 E'tiborlisi, shu kungacha muxlis to‘plash borasidagi antirekord ham OKMK ishtirokidagi o‘yinga tegishli edi. 22-turdagi «Bunyodkor» - OKMK (0:2) uchrashuvini muhtasham «Milliy» stadionida bor yo‘g‘i 585 nafar tomoshabin kuzatgandi.

 Superliga-2019da eng kam tomoshabin yiqqan o‘yinlar quyidagilar:

1. 25-tur. OKMK - «Qizilqum» - 4:1. Olmaliq, 246 tomoshabin.

2. 22-tur. «Bunyodkor» - OKMK – 0:2. Toshkent, 585 tomoshabin.

3. 24-tur. «Metallurg» - «Dinamo» - 5:0. Bekobod, 852 tomoshabin.

Umuman olganda, 25-turning 7ta uchrashuvida stadionlarimizda jami 15 306 nafar tomoshabin tashrifi kuzatilgan. Bu joriy chempionatdagi eng past ko‘rsatkichdir.

Bungacha tur o‘yinlarida jami yig‘ilgan tomoshabinlar soni bo‘yicha mavsum antirekordi 24-turga tegishli edi. O‘shanda shaharlarimizdagi 7ta o‘yinda jami 21 924 ishqiboz to‘plangan.

Ma'lumot uchun, Superliga-2019 mavsumi 30 noyabr kungi 26-tur bahslaridan keyin yakuniga yetadi.

Ko‘proq yangiliklar: