Pley-offga chiqqan 8 jamoa aniq, yana 8 yo‘llanma uchun kimlar kurashadi? YeChLdagi intrigalar

Sport 15:40 / 28.11.2019 32522

Chempionlar Ligasida 5-tur o‘yinlari nihoyasiga yetdi va nimchorak final ishtirokchilarining yarmi – 8 jamoa rasman bahorgi ishtirokini naq qildi. Bular «PSJ», «Real», «Bavariya», «Tottenhem», «Manchester Siti», «Yuventus», «Barselona» va «Leypsig» jamoalaridir.

Qolgan 8 yo‘llanma uchun yana 15 klubda imkoniyat saqlanib qolgan. Ikkita guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlar naqd bo‘lib ulgurgan. Ba'zi guruhlarda g‘oliblar ma'lum bo‘lsa-da, kim qaysi o‘rinda chiqishi ma'lum emas.

«A» va «V» guruhlarida barchasi aniq: 1/8 finalda «PSJ», «Real», «Bavariya» va «Tottenhem» o‘ynaydi. «PSJ» guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz o‘tkazmoqda, «Bavariya» esa birorta ochko yo‘qotmadi.

 

Mourino o‘z faoliyatida oltinchi klub bilan pley-offda o‘ynaydi (bungacha «Portu», «Chelsi», «Inter», «Real» va «MYu» bilan).

4 jamoa – «Lokomotiv», «Genk», «Slaviya» va «Lill» umuman bahorda hatto Yevropa Ligasida o‘ynash huquqidan ham rasman mahrum bo‘ldi.

Guruhlardagi o‘rinlar, Yevropa Ligasi uchun raqobat haqidagi mulohazalarni keyinga qoldiraylik-da, keling, aynan o‘sha 8 yo‘llanma taqdiri borasida fikr yuritamiz.

«ShAXTYoR»«DINAMO» Yo «ATALANTA»?

S guruhida «Manchester Siti» rasman guruh g‘olibiga aylandi. Keyingi yo‘llanma uchun esa, qolgan uch jamoada ham imkoniyat bor.

Ukrainada «Shaxtyor» «Atalanta»ni qabul qiladi. Agar mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, guruhda 2-o‘rinni naqd qilishadi. Aksincha, italiyaliklar ustun kelishsa, ular «Shaxtyor»ni quvib o‘tishadi va ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishlari mumkin. Mumkin deyilganining sababi, Zagrebda «Manchester Siti»ni qabul qiladigan «Dinamo» ham bor.

Xullas, «Shaxtyor» pley-offga chiqishi uchun «Atalanta»ni yengishi yoki durang o‘ynab, «Manchester Siti» Zagrebda yutqazmasligidan umid qilishi kerak.

«Atalanta» chiqish uchun «Shaxtyor»ni yengishi va Zagrebda «Manchester Siti» yutqazmasligidan umid qilishi kerak.

«Dinamo» chiqishi uchun, o‘z maydonida «Manchester Siti»ni yengishi va «Shaxtyor» «Atalanta» ustidan g‘alaba qozonmasligidan umid qilishi kerak.

«ATLeTIKO»GA BIR QADAM

Turindagi mag‘lubiyat madridriklarni guruh g‘olibi bo‘lishi imkoniyatidan mahrum etgan bo‘lsa-da, Simeone shogirdlarida 2-o‘rin bilan pley-offga chiqish imkoniyati saqlanib turibdi. Buning uchun so‘nggi turda Madridda «Lokomotiv» ustidan g‘alaba qozonilsa, kifoya.

Guruhda «Bayyer» jamoasi ham bor. Nemislar Turinga safar qiladi va u yerda g‘alaba qozonib, «Atletiko» ochko yo‘qotishidan umid qilishi mumkin. Demak, agar «Bayyer» «Yuventus»ni yuta olmasa, «Atletiko» umuman ochko olmasdan turib ham, pley-offga chiqadi. Zero, ochkolar teng bo‘lganda o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik (1:0 va 1:2) «Atletiko» tarafida.

«LIVeRPUL» XAVFLI VAZIYaTDA

YeChLning amaldagi g‘olibi guruhdan chiqa olmasligi ham mumkin. Turnir kashfiyotlaridan biri «Zalsburg»ga safar qiladigan Klopp shogirdlari yutqazmasliklari shart.

«Napoli» o‘z maydonida bemalol «Genk»ni yutadi va yo‘llanmalardan birining sohibi bo‘ladi. Ikkinchi yo‘llanma esa, yuqorida tilga olingan jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinda hal bo‘ladi. Qaysidir jihatdan eski «Liverpul»ni eslatib yuboradigan, qo‘rqmas, hujumkor «redbulchilar» bir o‘yinda har qanday raqibda muammo tug‘dirishlari mumkin. Agar Avstriya jamoasi «Liverpul»ni minimal hisobda bo‘lsayam, yutsa, ochkolar bo‘yicha yetib oladi va o‘zaro o‘yin natijalariga ko‘ra, quvib ham o‘tadi. Esingizda bo‘lsa, «Enfild»dagi o‘yinda 4:3 hisobi qayd etilgandi.

AMSTeRDAMDA FINAL

«Chelsi» ham «Napoli» kabi vaziyatda turibdi. Londonliklar so‘nggi turda guruh autsayderi «Lill»ni qabul qiladi va bu o‘yindagi g‘alaba har qanday holatda «Chelsi»ni pley-offga olib chiqadi.

Ikkinchi yo‘llanma egasi esa Amsterdamda aniqlanadi. «Ayaks» o‘z maydonida «Valensiya»ni qabul qiladi. Niderlandiyaliklar g‘alaba qozonishsa, 13 ochko bilan guruhni peshqadam sifatida yakunlaydi. Durang «Ayaks»ni kamida 2-o‘rin bilan pley-off ishtirokchisiga aylantiradi. «Valensiya»ni esa, faqat g‘alaba qoniqtiradi. Ispanlar bu o‘yinda g‘alaba qozonishsa, nafaqat yo‘llanma, guruh peshqadamligini ham qo‘lga kiritadi. Chunki «Chelsi» bilan taqqoslaganda, o‘zaro o‘yinlarda «Valensiya» ustunlikka ega.

Demak, yo‘llanma uchun «Chelsi» «Lill»ni yutishi kerak, «Valensiya» safarda «Ayaks»ni yutishi shart, «Ayaks»ni esa, so‘nggi turda durang ham qoniqtiradi.

«BARSeLONA» «QARZINI» QAYTARADIMI?

O‘tgan yili «Barselona» qatnashgan guruhda ikkinchi yo‘llanma uchun «Tottenhem» va «Inter» kurash olib borgan, inglizlarning baxtiga so‘nggi turda ular hamma narsani hal qilgan «Barselona»ga to‘qnash kelib, kerakli ochkoni olgandi. «Inter» esa so‘nggi turda o‘z o‘yinida g‘alaba qozonsa ham guruhda qolib ketgandi.

Bu safar «Inter» «Tottenhem» o‘rnida. Hozirda «Inter» va «Borussiya» bir xil ochko to‘plashgan, o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra, «Inter» yuqorida turibdi. Faqat Dortmund jamoasi so‘nggi turda «Slaviya»ni qabul qilsa, «Inter» «Barselona» bilan Milanda o‘ynaydi. «Barselona»ga ham, «Slaviya»ga ham ochko shart emas. Albatta, ispanlarni yengish qiyinroq, lekin ochko teng bo‘lib qolganda ustunlik «Inter» tomonda.

«ZeNIT» YoKI «LION»?

Eng chalkash holat G guruhida yuzaga kelgan. Bu yerda uch jamoa bir xil – 10tadan ochkoga ega bo‘lishi ham, yoki uch jamoa 7 tadan ochko to‘plab qolishi ham mumkin. Har qanday holatda «Leypsig» guruh masalasini hal qildi – so‘nggi turda Fransiyada mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham, agar uch jamoada 10tadan ochko bo‘lib qolsa, nemislar o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik tufayli guruh g‘olibi bo‘lib qolaveradi.

«Benfika» esa, aksincha, so‘nggi turda «Zenit»ni yutgan taqdirda ham, 2-o‘ringa chiqib ololmaydi. O‘zaro o‘yinlarda portugaliyaliklar «Zenit»dan ustun bo‘lishgan taqdirda ham, «Lion»ni ham ortda qoldirish vazifasi turibdi.

Xullas, ikkinchi yo‘llanma uchun asosan «Zenit» va «Lion» kurash olib boradi. O‘zaro o‘yinlardagi ustunlik tufayli «Zenit» hozir 2-o‘rinda turibdi. Endi ruslar keyingi bosqichga chiqishi uchun so‘nggi turda «Lion»dan kam ochko jamg‘arishmasa kifoya.

Ko‘proq yangiliklar: