OChL yo‘llanmasi va Superligada qolish masalasi. So‘nggi turda qanday holat ro‘y berishi mumkin?

Sport 17:30 / 28.11.2019 8378

Superliganing yakuniy 26-turi doirasi uchta o‘yin borki, aynan ushbu bahslar chempionatda intrigani saqlab turibdi. Toshkentda «Bunyodkor» - «So‘g‘diyona» bahsida OChL-2020 yo‘llanmasi o‘ynalsa, «Nasaf» - «Dinamo» hamda «Buxoro» - OKMK o‘yinlaridan keyin ligani tark etuvchi omadsiz jamoa nomi aniqlanadi.

«Bunyodkor» - «So‘g‘diyona»: OChL yo‘llanmasi kimga nasib etadi?

Keling, avvalo 3-o‘rin va OChL yo‘llanmasi uchun o‘zaro so‘nggi turda uchrashadigan «Bunyodkor» va «So‘g‘diyona» o‘yinida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan holatlarga e'tibor qaratamiz. 25-turdan keyin Toshkent klubi hisobida 42 ochko, Jizzax jamoasida esa 39 ochko mavjud.

- «Bunyodkor» - «So‘g‘diyona» o‘yinidagi mezbonlarning g‘alabasi yoki durang natijasi Vadim Abramov jamoasiga 3-o‘rin va OChL yo‘llanmasini taqdim etadi.

- «Bunyodkor» - «So‘g‘diyona» o‘yinida mehmon jamoaning g‘alabasi, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlariga OChL yo‘llanmasini keltiradi.

Sababi, bu vaziyatda «Bunyodkor» va «So‘g‘diyona»ning ochkolari soni 42tadan tenglashsa-da, eng avvalo to‘plar nisbati emas, o‘zaro o‘yinlardagi natija asosiy planga chiqadi.

Bu borada «O‘zbekiston Professional futbol klublari uchun 2019 yilgi mavsum musobaqalari reglamenti» 9-moddasi «Musobaqa g‘oliblarini aniqlash» bo‘limi, 9.2 bandida qo‘yidagicha keltiriladi:

 9.2. Ikkita va undan ko‘p jamoalar jamlagan ochkolar teng bo‘lgan taqdirda, jamoalarning o‘rni quyidagicha aniqlanadi:

- o‘zaro uchrashuv(lar) natijasiga ko‘ra (olingan ochkolar, urilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi, urilgan to‘plar, o‘zga maydonda urilgan to‘plar), bunda yuzma-yuz uchrashuvda texnik mag‘lubiyatga uchragan jamoa eng quyi o‘rinni egallaydi;

 - barcha uchrashuvlarda urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollarning eng yaxshi farqiga ko‘ra;

 - barcha uchrashuvlarda erishilgan g‘alabalar soniga ko‘ra;

 - barcha uchrashuvlarda o‘zga maydonda urilgan gollar soniga ko‘ra.

 - Mazkur ko‘rsatkichlarning hammasi teng bo‘lsa, jamoalarning musobaqalardagi o‘rni qur'a tashlash orqali aniqlanadi. Agar vaziyat chempionni yoki Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini beradigan o‘rinlarni aniqlab beradigan bo‘lsa, betaraf maydonda «oltin» uchrashuv o‘tkaziladi.

Demak, «So‘g‘diyona» jamoasining Jizzaxdagi birinchi o‘yinda «Bunyodkor»ni mag‘lub etganini (2:1) hisobga olsak, Jizzax klubining har qanday hisobdagi g‘alabasi ularga 3-o‘rinni taqdim etadi. Aks holda «Bunyodkor» 3-o‘rin egasiga aylanadi.

«Buxoro» yoki «Dinamo». Ochkolar tenglashsa, kim Superligada qoladi?

Yakunlovchi turning yana bir intrigasi ligada qolish uchun bo‘ladigan o‘yinlardir. Hozirda Superligada bir xil – 21 ochkodan yig‘gan «Buxoro» va «Dinamo» klublari so‘nggi turda ligada qolish uchun «hayot-mamot jangi»da maydonga tushishadi. Agarda, ikki jamoa ham g‘alaba qozonsa va «Qizilqum» mag‘lubiyatga uchragan taqdirda ochkolar soni tenglashsa, o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik evaziga Navoiy klubi har qanday holatda Superligada qolishi aniq.

Hal qiluvchi turda «Buxoro» o‘z maydonida OKMKni qabul qilsa, «Dinamo» Qarshida «Nasaf» mehmoni bo‘ladi. «Buxoro» o‘zaro o‘yinlar hisobida «Dinamo»dan ustunlikka ega (0:0, 3:0). Shu bois, «Dinamo»ning ligada qolish masalasi o‘z ixtiyorida emas.

 Agar, 26-turda:

- «Buxoro» OKMKni mag‘lub etsa, Superligada qoladi;

- «Buxoro» mag‘lubiyatga uchrasa yoki durang o‘ynasa va «Dinamo» g‘alaba qozonsa, Samarqand jamoasi Superligada qoladi.

- Ikki jamoa ham durang qayd etsa, o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha «Buxoro» Superligada qoladi.

- «Buxoro» ham, «Dinamo» ham mag‘lubiyatga uchrasa, «Buxoro» ligada qoladi.

 Shunday ekan, so‘nggi turda intrigaga boy o‘yinlar kutib turibdi. Ko‘ramiz, kuzatamiz.

 Usmon Ibodov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: