Iroq armiyasi namoyishchilarga o‘t ochdi. Nosiriyada 13 kishi halok bo‘ldi

Jahon 22:10 / 28.11.2019 5740

Payshanba kuni mamlakat xavfsizlik kuchlari Frot daryosidagi ikkita ko‘prikda to‘plangan namoyishchilarga qarata o‘t ochdi. Buning oqibatida kamida 70 kishi jarohatlangan.

So‘nggi haftalarda Iroqning turli shaharlarida norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda, namoyishlar ishtirokchilari ishsizlikni yo‘qotish, korrupsiya va byurokratiyaga qarshi jiddiy choralar ko‘rishni talab qilishmoqda.

Shu munosabat bilan Iroq armiyasida tartibsizliklarga qarshi kurashish uchun «inqiroz bo‘linmalari» tashkil etilgan.

Armiya qo‘mondonligi mamlakatda tartib tiklanishi uchun favqulodda boshqarma tuzilganini ma'lum qilgan.

«Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni, bosh vazir Odil Abdul Mahdi buyrug‘i bilan bir necha harbiy qo‘mondon ushbu bo‘linmalar tarkibiga kiritildi. Ular xavfsizlik kuchlari va qurolli kuchlarni boshqarib gubernatorlarga yordam ko‘rsatishadi», - deyiladi armiya qo‘mondonligi bayonotida.

Bundan avvalroq namoyishchilar guruhi Najaf shahrida Eron konsulxonasi binosiga o‘t qo‘yib yuborgandi.

Bu shahardagi namoyishchilar Eron hukumatini Iroq ichki ishlariga aralashishda ayblashmoqda. Ular «Eron, Iroqdan qo‘lingni tort!» deya hayqirishmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Eron konsulxonasi xodimlari namoyishchilar kelishidan oldin binoni tark etishga ulgurishgan. Eron ushbu hujumni keskin qoraladi va Iroq hukumati Eron diplomatlari va mulklari himoyasi uchun mas'ul ekanini bildirdi.

Qayd etish kerakki, bu Iroqda noyabr oyida ikkinchi bor Eron konsulxonasiga hujum qilinishi bo‘ldi; uch hafta muqaddam shialar uchun muqaddas hisoblangan Karbalo shahridagi Eron vakolatxonasi vayron etilgan edi.

Namoyishlarning sababi nimada?

Bir yil muqaddam Iroq bosh vaziri bo‘lgan shialar harakati faxriysi Abdul Mahdi islohotlar o‘tkazishni va'da qilgandi, ammo amalda bu va'dalar bajarilmadi.

1 oktabr kuni Bag‘dod ko‘chalariga ishsizlik va korrupsiyani yo‘qotishni talab qilgan minglab yoshlar chiqishdi.

Xavfsizlik xizmati kuchlari namoyishchilarga qarshi qurol ishlatdi, o‘nlab namoyishchilar halok bo‘ldi, shundan so‘ng norozilik aksiyalari mamlakatning qolgan qismlariga ham yoyildi.

Namoyishlarning birinchi to‘lqini 6 kun davom etdi va jami 149 kishi halok bo‘ldi. Bosh vazir Abdul Mahdi o‘z hukumatida o‘zgarishlar o‘tkazishni, yuqori maosh oluvchi amaldorlarning oyliklarini qisqartirishni va yoshlar orasidagi ishsizlik darajasini kamaytirishni va'da qildi.

Ammo oktabr oyi oxirida namoyishchilar o‘z talablari bajarilmasligiga amin bo‘lgach yana ko‘chalarga qaytib chiqishdi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar va vodomyotlar qo‘lladi.

Iroq prezidenti Barham Solih agar siyosiy partiyalar munosib nomzod bo‘yicha kelishuvga erisha olishsa, Abdul Mahdi iste'foga chiqishini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: