2020 yilda imzolanadigan davlat tashqi qarz bitimlarining yuqori chegarasi 4 mlrd dollarni tashkil etadi

Iqtisodiyot 10:39 / 28.11.2019 6751

Davlat qarzini samarali boshqarish va jalb qilinayotgan qarz mablag‘laridan unumli foydalanishni ta'minlash chora-tadbirlari qabul qilinadi. Prezidentning tegishli farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi texnik ko‘magida Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi ishlab chiqilgan;

Xalqaro valuta jamg‘armasining yo‘riqnomasi asosidagi Moliya vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash uchun davlat qarzining maksimal darajasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligi lozimligini inobatga olib, 2020 yilda imzolanadigan davlat tashqi qarz bitimlarining yuqori chegarasi 4 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi;

davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasini mamlakatdagi makroiqtisodiy o‘zgarishlar va tashqi omillarni hisobga olgan holda har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi mohiyatidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzini boshqarishda quyidagi ustuvor maqsadlarga qat'iy rioya qilinishi belgilab qo‘yiladi:

davlat ichki va tashqi qarziga o‘z vaqtida va to‘liq xizmat ko‘rsatilishini kafolatli ta'minlash;

davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish, diversifikatsiyalash va davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshib ketish xatarlarini pasaytirish;

davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni ularning ijtimoiy-iqtisodiy va strategik ahamiyatidan kelib chiqib belgilash, qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini hamda ma'lumotlar shaffofligini ta'minlash;

ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar va banklarni bosqichma-bosqich mustaqil ravishda erkin bozor shartlarida moliyalashtirishga o‘tkazish.

Davlat tashqi qarzi hisobidan (shu jumladan davlat kafolati ostida) moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olish va natijadorligini nazorat qilish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tashkil etiladi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

1) davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan ustuvor soha va yo‘nalishlarni belgilash;

2) davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilishi taklif etilayotgan loyihalarni tashabbuskorlarning taqdimotlari asosida ko‘rib chiqish;

3) yangi imzolanadigan davlat tashqi qarz bitimlari uchun belgilangan yillik limit doirasida loyihalarni moliyalashtirishga rozilik berish, rad etish yoki kelgusi yillarda moliyalashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

4) davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyihalarning amalga oshirilishi, xususan rejadan ortda qolayotgan loyihalar bo‘yicha hisobotlarni tinglash, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash yoki loyihalarni bekor qilish bo‘yicha qarorlarni qabul qilish;

5) davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyihalarning natijadorligini nazorat qilish, loyiha tashabbuskorlari, tegishli vazirlik va idoralarning hisobotlarini ko‘rib chiqish;

6) davlat tashqi qarzining jalb etilishi hamda ularning natijadorligi yuzasidan har yilda bir marta Oliy Majlisga hisobot berish.

Vazirlar Mahkamasi Komissiyaning davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olish mezonlari, ularni ko‘rib chiqish va tanlab olish tartibi, loyihalarning natijadorligini nazorat qilish, sohada shaffoflikni ta'minlash hamda boshqa vazifalarni amalga oshirish mexanizmlarini o‘z ichiga oluvchi nizomini tasdiqlaydi.

Belgilab quyilishicha:

davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi nomidan bitimlarni imzolash va O‘zbekiston Respublikasi kafolatini berish faqatgina Komissiya xulosasi asosida amalga oshiriladi;

Komissiya ishchi organi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hisoblanadi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i ularga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tashqi qarz majburiyatlarini jalb qilish va o‘zlashtirish masalalari faqatgina Moliya vazirligi bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshiriladi;

davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda mablag‘larning jalb qilinishi va o‘zlashtirilishi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Ishchi organ bilan muvofiqlashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz mablag‘lari maqsadli yo‘naltirilgunga qadar Moliya vazirligi G‘aznachiligining g‘azna hisob-varaqalarida saqlanishi yoki vaqtinchalik tijorat banklari depozitlariga o‘tkazilishi natijasida yuzaga keladigan salbiy foiz xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan qoplanishi belgilanadi.

Davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida, to‘liq va kafolatli amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi huzurida Kafolat jamg‘armasi tuziladi;

Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasining kafolatlari uchun to‘lovlar, jalb qilingan qarz mablag‘larini qayta kreditlash bitimida belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining marjasi va boshqa mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi;

O‘zbekiston Respublikasining kafolatlari uchun to‘lovlar o‘zlashtirilgan va so‘ndirilmagan qarz mablag‘larining qoldiq summasiga yillik 0,5 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

Davlat qarzi, jumladan O‘zbekiston Respublikasining kafolatlari, hisobidan moliyalashtirilgan loyihalar bo‘yicha qarzdor korxonalar (banklar) o‘z qarz to‘lovlarini vaqtida va to‘liq amalga oshirmagan holatlarda davlat qarzi Jamg‘arma mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan so‘ndirilsin hamda qarzdor korxonalardan (banklardan) mavjud qarzdorlik va hisoblangan jarima to‘lovlari mos ravishda Jamg‘arma va O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga qaytarilishi belgilab qo‘yiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ilg‘or xorijiy tajriba asosida Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va foydalanish tartibini tasdiqlaydi.

Davlat tashqi qarzi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ustuvor loyihalarni tanlab olishni takomillashtirish doirasida:

a) davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olish jarayoni amalga oshirilgan holda, quyidagilarni nazarda tutadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 14 maydagi PF-5717-son Farmonida ko‘rsatilgan tartib doirasida, 2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi loyihasiga kiritilgan va davlat qarzi hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya takliflarining loyiha pasportlari hamda tegishli vazirliklarning xulosalari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Komissiyaga 2019 yil 25 noyabrgacha taqdim etiladi;

loyiha tashabbuskorlari kiritilgan loyiha pasportlari bo‘yicha Komissiya oldida taqdimot o‘tkazadi;

Komissiya 2020 yilda imzolanadigan davlat tashqi qarzi bitimlarining yillik yuqori chegarasi doirasida ustuvor loyihalarni tanlab oladi va Komissiya bayonnomasi bilan tasdiqlaydi;

Komissiya bayonnomasi 2019 yil 5 dekabrgacha 2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi loyihasining tarkibiy qismi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi;

tanlab olingan loyihalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish mazkur tartib asosida amalga oshiriladi;

b) davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni baholash sxemasi amalga oshirilgan holda, quyidagilarni nazarda tutadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 14 maydagi PF-5717-son Farmonida ko‘rsatilgan tartib doirasida, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hisobot va tahliliy ma'lumotlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan har oy Komissiyaga taqdim qilinadi;

amalga oshirilayotgan va yakunlangan loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan o‘tkazadi va audit natijalari bo‘yicha axborotni har chorak yakunida Komissiyaga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuboradi;

amalga oshirilayotgan va yakunlangan loyihalar shaffofligini ta'minlash maqsadida, tegishli vazirlik va idoralar ommaviy axborot vositalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli sohaga daxldor qo‘mitalariga loyiha yakuni bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazadi;

Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda loyihalarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid ma'lumotlarni tegishli veb-sahifalarda joylashtirilishini ta'minlaydi.

«O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha loyihaoldi hujjatlari, shuningdek texnik topshiriqlar va tender hujjatlarining kompleks ekspertizasi belgilangan tartibda o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Bunda, kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun haq investitsiya loyihalari va xarid hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun belgilangan haq miqdorlarining 50 foizi miqdorida undiriladi.

Davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olish va amalga oshirilishining takomillashtirilgan mexanizmlari doirasida yuklatilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni qo‘shimcha 5 ta shtat birligidan iborat Davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyihalarni audit qilish sho‘'basi tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: