O‘zbekistonda 2018 yil oxiriga ko‘ra asosiy vositalarning boshlang‘ich (qayta tiklash) qiymati bo‘yicha hajmi 705,02 trln so‘mni, qoldiq qiymati bo‘yicha esa 505,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Asosiy vositalar - korxona tomonidan uzoq muddat davomida xo‘jalik faoliyatini yuritishda mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jarayonida yoxud ma'muriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni amalga oshirish maqsadida foydalaniladigan moddiy aktivlar.
Davstatqo‘m xabarida aytilishicha, 2018 yil oxiriga boshlang‘ich (qayta tiklash) qiymati bo‘yicha asosiy vositalarning 67,8 foizi i xizmatlar sohasi, 24,1 foizi sanoat, 6,3 foizi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, 1,8 foizi esa qurilish tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Asosiy vositalarning qoldiq qiymati (eskirishni chegirib tashlagan holdagi boshlang‘ich qiymati) bo‘yicha tarkibi ularning boshlang‘ich (qayta tiklash) qiymati bo‘yicha tarkibidan bir oz farq qiladi. 2018 yil oxiriga asosiy vositalarning qoldiq qiymati bo‘yicha hajmining 68,5 foizi xizmatlar sohasi, 21,6 foizi sanoat, 8,4 foizi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, 1,5 foizi qurilish tarmoqlari korxonalariga to‘g‘ri keladi.
2018 yil oxiriga iqtisodiyot bo‘yicha jami asosiy vositalar boshlang‘ich (qayta tiklash) qiymatining 227,96 trln so‘mi yoki 32,3 foizi yirik tijorat korxonalari, 83,71 trln so‘mi yoki 11,9 foizi kichik tijorat korxonalari va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Aktivlar turlari kesimida, 2017 yil oxiriga boshlang‘ich (qayta tiklash) qiymati bo‘yicha yirik tijorat korxonalar jami asosiy vositalarining 10,6 foizi binolar, 20,8 foizi inshootlar, 18,4 foizi uzatish moslamalari, 35,7 foizi mashina va uskunalar, 10,9 foizi transport vositalari va 3,6 foizi boshqa asosiy vositalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2018 yil oxiriga esa jami asosiy vositalarning 9,2 foizi binolar, 17,8 foizi inshootlar, 17,7 foizi uzatish moslamalari, 39,3 foizi mashina va uskunalar, 13,1 foizi transport vositalari, 2,9 foizi boshqa asosiy vositalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.