Mitti dahoning 10 belgisi: Farzandingizning qobiliyatini qanday baholash mumkin?

Light 19:00 / 27.11.2019 42941

Tabiiy qobiliyatlar qanchalik yaxshi bo‘lmasin, noto‘g‘ri tanlangan ta'lim ularni yo‘q qilishi mumkin. Farzandingiz kelajakda muvaffaqiyatli tadbirkor, iqtisodchi yoki IT mutaxassisi bo‘la olsa-chi? Rivojlantirishga va dalda berishga arziydigan mitti dahoning 10 belgisi bilan tanishing.

1. Xato qilishdan hayiqmaslik

Zakovatlilar yangi narsalarni sinab ko‘rishadi va tavakkal qilishdan qo‘rqishmaydi. «Agar biror ish qilishga kirishsang, uni mukammal bajar» ruhida xavfli perfeksionizmni singdirmang. Shundoq ham o‘ziga nisbatan o‘ta talabchan bo‘lgan bola uchun bu kabi ko‘rsatmalar zararli bo‘lishi mumkin, shuning uchun uning muvaffaqiyatsizliklariga e'tibor bermang. 

Farzandingizga uni biror nimaga erishgani uchun emas, boricha sevishingizga ishonishiga yordam bering. U hali katta hayot tajribasiga ega emas, u hamma narsani ilk marta sinab ko‘ryapti. Tanbeh va masxaralaringiz unga jo‘shqinlik baxsh etishi dargumon. Tanqid qilish o‘rniga, har qanday yo‘l bilan ilhom bag‘ishlang: agar biror nima o‘xshamasa — mayli, keyingi safar uddalaydi.

2. Jamoada ham, yolg‘iz holatda ham qiyinchilik sezmaydi

Ba'zida hatto daho yordamga muhtojlik sezadi. U hamma narsani qilishga qodir bo‘lishi kerak: vazifalarni belgilash va taqsimlashi, bevosita va vakil orqali ishlashi va kerak bo‘lganda turli sohalardagi barcha muammolarni guruh yordamisiz yengib o‘tishi lozim.

Jamoaviy ishlashdan maqsad kim eng aqlli yoki qobiliyatli ekanligini isbotlash emas, balki faqat umumiy mehnat orqali amalga oshiriladigan ajoyib narsalar va g‘oyalarni birgalikda yaratish. Bolaga dunyoda nuqtayi nazari unikidan farq qiladigan odamlar bo‘lishi mumkinligini va bu mutlaqo normal holatligini tushuntiring. Va albatta, siz bolangizni boshqalar bilan taqqoslamasligingiz kerak: u yaxshiroqmi yoki yomonmi farqi yo‘q, har bir inson o‘z uslubicha yaxshi.

3. Yuqori hissiy aqli bilan ajralib turadi

Farzandingiz turli odamlar bilan til topisha oladi, stressdan tezda xalos bo‘ladi, ziddiyatli vaziyatlardan aqlli ravishda chiqadi va keskin vaziyatni qanday yumshatishni biladimi? Tabriklaymiz, siz dahoni tarbiyalayapsiz. 

Hissiy aql — bu inson o‘zining va boshqa odamlarning his-tuyg‘ularini yoki niyatlarini aniqlashga yordam beradigan ko‘nikmalar to‘plami. Uni rivojlantirish uchun bolaga nima uchun u muayyan his-tuyg‘ularni boshdan kechirayotganini tushunishga yordam bering. Agar u g‘azablansa, sababi nimaligini oydinlashtiring. Ehtimol, u biror narsadan xafa bo‘lgan yoki u shunchaki g‘amgin holatda va hech bo‘lmaganda shu yo‘l bilan e'tiborni jalb qilmoqchi. 

Barcha his-tuyg‘ular mavjud bo‘lishga haqlidir: bola nafaqat quvonchni, balki g‘azabni, nafratni yoki qayg‘uni ham boshdan kechirishi mumkin. Faqat ularni jazava bilan emas, balki suhbat orqali ifodalagan ma'qul — balog‘at yoshida bunday mahorat bir necha bor naf keltiradi.

4. Moliyaviy savodxonlik sizdan ko‘proq bilimga ega

Siz g‘urra orttirishni qoyillatar edingiz, bolangiz esa hozirdanoq pulni to‘g‘ri sarflay olyapti va tezda o‘z budjetini boshqarish bo‘yicha bilimlarni o‘zlashtirdi. Bir daho yetishib chiqishi uchun bu ko‘nikmalarni rivojlantirish juda muhimdir. 

Bolalarga moliyaviy savodxonlik asoslarini o‘rgatish uchun avval pul nimaligi va u qayerdan kelib chiqishini tushuntiring: ular shunchaki berilmaydi, ishlab topiladi. Ushbu ma'lumotni shaxsiy misol bilan mustahkamlash mumkin: bolaga uning odatiy vazifalariga kirmaydigan uy ishlarini ishonib topshiring va ozgina pul bilan mukofotlang. Daromad bilan nima qilish kerakligini bolaning o‘zi qaror qilishi kerak: xohlasa ularni darhol paqqos tushiriladigan shirinliklarga sarflasin yoki tug‘ilgan kunida o‘zi uchun sovg‘a qiladigan ajoyib o‘yinchoq uchun jamg‘arsin.

5. Vaqtni samarali boshqarish qobiliyati

Bunday bolalarda kuniga 48 soat vaqt bordek tuyuladi: o‘qish uchun ham, sport, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va o‘yin-kulgilarga ham vaqtlari yetarli. Agar bu holat bolangizga tegishli bo‘lsa, uni kamida qobiliyatli deb hisoblash uchun barcha asoslar bor. 

Bolalar qobiliyatlarini o‘rganuvchi psixolog Natan Leyts iqtidorli bolalar o‘zlarining yuqori samaradorliklari bilan ajralib turishini aniqladi. Mehnatga bo‘lgan moyillikning kuchayishi nafaqat umumiy intellektual qobiliyat, balki katta hayotdagi muvaffaqiyatning kalitidir. Shunday ekan, bolangizda ushbu fazilatni shakllantiring. 

6. Har qanday ishga alohida yondashadi 

Saraton kasalligini davolovchi dorini o‘ylab topish, yulduzga aylanish yoki muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun umumiy maydonlarni tahlil qilish, yangi imkon va yechimlar topishni uddalash juda muhimdir. Bola muammolarni nostandart usullar orqali hal etyaptimi? Ajoyib, uni rag‘batlantiring. 

Katta hayotda ko‘pincha muvaffaqiyatga eltgan yo‘l emas, muvaffaqiyatning o‘zi ahamiyatlidir. Demak, turli muammolarni hal qilish usullari bilan tajriba o‘tkazishingiz mumkin, ish natijasi belgilangan mezonlarga mos kelsa bo‘lgani. Masalan, siz farzandingizdan idishlarni yuvishini so‘raysiz. Uning tepasida turishingiz va idishlarni noto‘g‘ri ushlayotgani uchun tanqid qilishingiz yoki mustaqil ravishda harakat qilishini taklif qilishingiz mumkin. 

7. Tanqidiy fikrlash

G‘oyaga ishonish va uni oxirigacha bajarishga tayyor bo‘lish maqtashga arzigulik fazilat, lekin ba'zida bu g‘oyaning istiqboli yo‘qligini vaqtida tushunish yaxshiroqdir. Agar bola ma'lum bir mavzuga ko‘p kuch sarflash kerak yoki yo‘qligini taxmin qilishga moyil bo‘lsa, uni musiqa maktabini har qanday tarzda tugatishga va darslar yoki mashg‘ulotlar o‘rtasida sarson bo‘lishga majburlamang. 

Shubhalanishni va atrofda sodir bo‘layotgan hodisalarning sabablarini izlashni o‘rgatganingiz ma'qul. Masalan, qishda bosh kiyim kiyishga majbur qilasiz. Bu nima: sizning injiqligingizmi yoki haqiqiy zaruratmi, chunki usiz osongina kasal bo‘lib qolish mumkin?

«Bu to‘g‘ri, chunki uni men aytyapman» kabi yondashuv daholarni yetishtirmaydi. Bolaga hatto xatolar orqali bo‘lsa ham ishtiyoq va kuzatuvchanlikni ko‘rsatishiga imkon bering — shundagina mustaqil fikr yuritishni o‘rganadi va atrofdagi narsalarni ko‘r-ko‘rona qabul qilmaydi.

8. Hamma narsani tez o‘rganadi

Va yangi bilimlarni darhol amalda qo‘llaydi. Qoliplar va cheklovlar u uchun emas, bola itoatkor ijrochi rolida shunchaki qiynaladi.

Mustaqil bo‘lishga o‘rgatish uchun bolalar o‘zlari ham mukammal qila oladigan narsalarni ular uchun bajarib bermang. Bu nafaqat uy vazifalariga, balki xonani tozalash yoki idishlarni yuvish kabi uy yumushlariga ham tegishli. Agar bola tushunmasa — tushuntiring, hatto bir necha bor bo‘lsa ham va o‘zingiz o‘rnak bo‘ling. Ha, avvaliga natija oz bo‘ladi, ammo bu uchun urishmang, lekin nima va qayerda noto‘g‘ri bo‘lganini izohlab keting. 

9. Axborot xavfsizligi qoidalariga g‘ayriixtiyoriy ravishda amal qiladi

Katta avlod vakillari texnologiyadan ehtiyotkorlik bilan foydalanishni tajribada o‘rganishlari kerak edi. Bugungi kunga kelib hatto bolalar ham birovning ma'lumotlarini uning ruxsatisiz kimgadir qoldirish va o‘zinikilarni o‘ylamay tarqatish katta muammolarga olib kelishini yaxshi bilishadi. 

Biroq, bu bolaning internetda nima qilayotganini kuzatishga bo‘lgan ehtiyojni bekor qilmaydi. Antivirusingizni muntazam yangilang, brauzeringizda xavfsiz qidiruvni ishga tushiring va ota-ona nazorati dasturini o‘rnating. Siz har narsaga jiddiy qarashingiz va uning yozishmalarini o‘qishingiz shart emas — agar bolaga g‘alati yoki haqoratli narsalar yuborilsa, u sizni bu haqida xabardor qilishiga kelishib oling.

10. Mas'uliyat olishdan qo‘rqmaydi

Zamonaviy daho bu bitta funksiyaga ega bo‘lgan xonaki o‘simlik emas, balki ilhomlantiruvchi kuzatuvchi va yetakchidir. U o‘z oldiga maqsadlarni qo‘yishi va qarorlar qabul qilishi, boshqalarni ilhomlantirishi va o‘z rejasiga erishish uchun jamoaning harakatlarini muvofiqlashtirishi kerak. 

Bola mas'uliyat nimaligini o‘rganishi va o‘z harakatlarining oqibatlari haqida xabardor bo‘lishi uchun unga erkinlik bering. Qayerda bo‘lmasin mustaqil qaror qabul qilsin.

Ko‘proq yangiliklar: