2019 yil 26 noyabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ko‘plab jabhalarini huquqiy mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Xususan, «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda atroflicha muhokama etildi.
Majlisda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha 40 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilingan bo‘lib, ular asosan individual xarakterga ega. 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan amaldagi “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonunda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati to‘liq qamrab olinmagan. U bugungi kun talablariga to‘la javob bermasligi aytiladi.
“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 120-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tubdan takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani bildirilgan.
Ushbu qonun loyihasiga muvofiq, maxsus iqtisodiy zonalar bir qator shakllarda, xususan, erkin iqtisodiy, maxsus ilmiy-texnikaviy, (texnoparklar), turistik va rekratsion, erkin savdo, maxsus sanoat zonalari shaklida tashkil etilishi mumkin.
Loyiha asosiy qoidalar, faoliyat yuritish va tugatish muddatlarini uzaytirish, chegaralarni o‘zgartirish, tashkil etiladigan faoliyat turlari, boshqaruv, ishtirokchi maqomini belgilash, bojxona rasmiylashtiruvi tartiblari, soliqqa tortish, yer uchastkalaridan foydalanish tartibi, investorlar (sarmoyadorlar) huquqlari va maxsus huquqiy tartibotlarni o‘z ichiga oladi.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, avvalo, maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar sonini minimal darajada kamaytirish imkonini beradi. Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va ularni innovatsion rivojlanish klasterlariga aylantirishga yo‘l ochadi. Ayni paytda bu xorijiy investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Hujjat loyihasi maxsus iqtisodiy zonalar normalari bilan bog‘liq muammolarni tartibga solishda asosiy huquqiy baza vazifasini o‘taydi, amaldagi “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun o‘rnini bosadi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma'qullandi.