Xabib Nurmagomedov keyingi jangini Toni Fergyusonga qarshi o‘tkazadi 

Sport 08:00 / 26.11.2019 55266

UFC chempioni Xabib Nurmagomedov 2020 yil 18 aprelda Nyu-Yorkning Bruklin tumanida o‘tadigan musobaqada amerikalik Toni Fergyuson bilan jang o‘tkazadi. Bu haqda tvitterda uning menejyeri Ali Abdulaziz ma'lum qildi.

Abdulaziz ma'lumotlariga ko‘ra, Nurmagomedov Fergyusonga qarshi jangga shartnomani imzoladi. “Chempion Toni Fergyusonga qarshi jangga kelishuvini imzoladi. Burgut 18 aprelda Bruklinga qo‘nadi. Bu barchasi muxlislar uchun”, deb yozgan sportchining menejyeri va shartnomaning suratini ilova qilgan.

Biroq, ta'kidlanishicha, Fergyuson hozircha jangga shartnomani imzolamagan, ammo uning tomoni Bruklinda musobaqa o‘tkazilishiga qiziqish bildirmoqda.

Bu Fergyuson va Nurmagomedov o‘rtasida jang tashkillashtirishga 5-urinishdir. Ikki sportchi dastlab 2015 yil dekabrda uchrashishi kerak edi, biroq Xabib jarohati tufayli jang o‘tkaza olmagan. Shundan keyin jang 2016 yil aprelga ko‘chirilgan, biroq bu safar amerikalik sog‘lig‘idagi muammolar sababli oktagonga chiqa olmagan. 2017 yilda esa Nurmagomedov vazn tashlashda yuzaga kelgan muammolar sababli shifoxonaga tushgan, 2018 yilda Fergyuson tizzasidan jarohat olib, yana jangga chiqa olmagan. 

Ko‘proq yangiliklar: