Bugun, 26 noyabr kuni, Markaziy bank va Moliya vazirligi tomonidan Pul-kredit siyosatining 2020-2022 yillar uchun mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari hamda prezidentning 2019 yil 18 noyabrdagi “Inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan talablarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqan Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov inflatsiya, inflyatsion targetlash, pul-kredit siyosati kabi tushunchalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
"Inflatsiya - faqat tovar va xizmatlar narxining o‘sishi hamda aholi daromadlari o‘zgarishini ifodalovchi ko‘rsatkich emas. Bu keng ma'nodagi iqtisodiy jarayon. Agar inflatsiyaga ma'lum bir ko‘rsatkich deb qaraydigan bo‘lsak, biz uni uzoq muddatda barqaror boshqarish mexanizmiga ega bo‘lmaymiz", - dedi Markaziy bank raisi.
Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur hujjatni ishlab chiqishda Markaziy bank tomonidan asosiy e'tibor tarkibiy islohotlarning yangi bosqichiga o‘tish davrida inflyatsion targetlash rejimini faol tatbiq etish orqali pul-kredit siyosati sharoitlarini qaratishga qaratildi. Bunda:
2023 yildan inflatsiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli ko‘rsatkichi (targeti);
2021 yilda inflatsiyani 10 foizgacha pasaytirish maqsadi belgilangan.
Iqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysiga ko‘ra 2020 yilda YaIM hajmining real o‘sishi 5,2-5,5 foizni tashkil etishi, 2021-2022 yillarda 5,5-5,8 foizgacha tezlashishi prognoz qilinmoqda.
Asosiy ssenariy bo‘yicha yillik inflatsiya darajasi 2020 yil oxirida 12-13,5 foiz oralig‘ida bo‘lib, 2021 yilda bir xonali son darajasiga tushadi va 2023 yilda esa asosiy 5 foizlik targetga erishiladi.