7 noyabr kuni Kun.uz sayti orqali «Oliy sudgacha yugurtirilgan tadbirkorlar. Farg‘ona shahar hokimligi nega mulkni tortib olmoqchi bo‘ldi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda 25 yil muqaddam xususiylashtirilgan ko‘chmas mulk obektlari Farg‘ona shahar hokimligi zaxirasiga tortib olingani, shahar va viloyat sudlarida hal bo‘lmagan bu masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati qarori bilan tadbirkor foydasiga hal etilgani bayon qilingan edi.
Ko‘p o‘tmay viloyat hokimligi rasmiy veb-saytiga ushbu maqolaga nisbatan Farg‘ona shahar hokimligi bayonoti joylashtirildi.
Ish hujjatlarini qayta o‘rganish va ularni hokimlik bayonoti bilan solishtirib ko‘rish natijasida voqea-hodisalarning mutlaqo kutilmagan yangi tafsilotlariga duch keldik.
«Constant Trading» MChJ shaklidagi qo‘shma korxona tasarrufida bo‘lgan Farg‘ona shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi 139-uy manzilidagi bino-inshootlar hokimlik zaxirasiga olinishi bilan bog‘liq hujjatlardan aynan shu mulkni qanday yo‘l bilan bo‘lmasin tadbirkordan olib qo‘yishga axd qilinganini ko‘rish mumkin. Bu uchun hokimlik bir emas bir nechta reja bo‘yicha harakat qilgan.
«A» reja – sud orqali «hujum»
Farg‘ona shahar hokimligi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Davlat qo‘mitasi Farg‘ona viloyat boshqarmasining nizoli davlat mulkini noto‘g‘ri baholash bilan bog‘liq davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda ifodalangan harakatini noqonuniy deb topish, uning 1997 yil 3 noyabrda chiqargan 0823x(1)-sonli buyrug‘i va 1994 yil 23 noyabrdagi 4279-sonli davlat orderini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida ma'muriy sudga 2019 yil 2 iyulda, ya'ni davlat mulki davlat tasarrufidan chiqarilib, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli va mulkdorlari bir necha marta o‘zgarib, oradan 25 yil o‘tganidan keyin ariza bergan.
Dastlab hamma ish risoladagidek ketdi, Farg‘ona shahar ma'muriy sudi gap-so‘zsiz shahar hokimi Hamidjon Habibiddinovning talabini qondirdi, tarmoq sudining viloyat instansiyasi o‘z «vazifasini a'lo darajada uddalab» quyi sudyaning qarorini to‘g‘ri, deb topdi. Apellyatsiya instansiyasi 2019 yil 29 avgustda qaror qabul qildi va u o‘sha kundan kuchga kirdi.
Reja bo‘yicha «Constant Trading» MChJ shaklidagi qo‘shma korxona tasarrufida bo‘lgan Farg‘ona shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi 139-uy manzilidagi bino-inshootlar sudning mazkur qaroriga asosan hokimlik zaxirasiga olinishi lozim edi. Biroq, hokimlik quyi instansiya sudlari tomonidan qabul qilingan qarorlar Oliy sudda «sinib» ketishi ehtimoli borligini anglagan holda «A» rejadan voz kechib «B» rejaga o‘tdi.
«B» reja – jonga oro kirgan hukumat bayoni
Sud qarori bilan mulkni zaxiraga olsammi, olmasammi deb o‘ylanib turgan hokimlikning joniga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni oro kirdi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tomonidan 6 sentabr kuni imzolangan Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar to‘g‘risidagi 53-sonli bayonga asoslanib Farg‘ona shahar hokimi 19 sentabr kuni o‘zining 965-sonli qarorini imzolaydi.
Qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan mazkur qaror «Constant Trading» MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning Farg‘ona shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi 139-uy manzilidagi bino-inshootlari hokimlik zaxirasiga olinishiga asos bo‘ldi.
Hukumat bayoni va hokim qarori o‘rtasidagi ayrim nomuvofiqliklarga to‘xtalsak.
Hokimning ushbu qarori 1-ilovasi beshinchi bandiga ko‘ra, mulkdor «Silver Silk Company» MChJ deya e'tirof etilgan Farg‘ona shahar, «Ibrat» MFY, B.Marg‘iloniy ko‘chasi 139-uydagi Ipakni qayta ishlash korxonasi hokimlik zaxirasiga qaytarilishi belgilangan. Biroq, hukumat bayoni bilan tasdiqlangan hujjatda (2-ilova) esa bu manzil ancha boshqacha – Farg‘ona shahar, «Soy bo‘yi» MFY, Al-Farg‘oniy ko‘chasi deb ko‘rsatilgan.
Aynan shu obekt 2015 yildan buyon foydalanilmasdan yotgan korxona sifatida ko‘rsatilib, bayonga kiritish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilganining o‘zi alohida o‘rganish talab etadigan masala. Chunki, mavjud dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, «SILVER SILK COMPANY» qo‘shma korxonasi 2007 yildan 2017 yil yakuniga qadar to‘xtovsiz ishlab, eksport rejasini ortig‘i bilan bajarib kelgan.
Sud ostonalarida zoye ketgan umr
Maqolani o‘qiy turib o‘quvchida tabiiy bir savol tug‘iladi: «Tadbirkorning shuncha vaqt sudma-sud yugurgani va Oliy sudda adolat qaror topgani qayoqqa ketdi?». Buning javob aniq – HAVOGA!
Chunki hokimlik erta bir kun sinishi mumkin bo‘lgan rejasidan voz kechib, mulkni tortib olishning boshqa «usuli»dan foydalangan edi.
Hokimlikdagilar ham boshqalar qatori davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsiz ekanligini, xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi va bekor qilinmasligini va eng muhimi - o‘z da'vosi g‘ayriqonuniyligini bilishardi.
Shu o‘rinda hokimning 965-sonli qarori qonuniymidi, degan savol tug‘iladi. Bunga huquqiy baho berish fikridan yiroq bo‘lgan holda masalaning ayrim jihatlariga to‘xtalmoqchimiz.
«Constant Trading» MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning Farg‘ona shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi 139-uy manzilidagi bino-inshootlar qanday qilib Vazirlar Makhkamasi yig‘ilish bayoniga kirib qolgani hozircha bizga qorong‘i. Biroq, shu bayonda aks etishi ham amaldagi qonun hujjatlariga zidligiga shubhalar yetarlicha topiladi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 iyuldagi «Farg‘ona viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 617-son qaroriga muvofiq «Constant Trading» MChJga 2020 yil 1 martga qadar jami 83 mlrd so‘mlik investitsiya jalb etish majburiyat yuklatilgan.
Qolaversa, Konstitutsiya va qonunlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizdir va uni normativ huquqiy hujjat kuchiga ega bo‘lmagan hukumat yig‘ilishi bayoni bilan qandaydir investitsiya yoki ishlab chiqarishga oid majburiyatlarni bajarmaganlik uchun tortib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Endi hokimlikning bayonoti haqida ikki og‘iz
Guvohi bo‘lganingizdek, hokimlik tadbirkor mulkini tortib olish uchun dastlab ma'muriy sudlarni ishga soldi. Qaysidir ma'noda natijaga erishdi ham. Biroq yakunda sud qaroridan «yuz o‘girib», Vazirlar Mahkamasi yig‘ilish bayoniga asosan tadbirkor mulkini hokimlik zaxirasiga oldi.
Biroq, bayonotda xususiy mulkning tortib olinishiga asos bo‘lgan hukumat bayoni haqida lom-mim deyilmadi. Aksincha, mulkni zaxiraga olish jarayonlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, qolaversa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati qarori bilan bekor qilib tashlangan sud qarorlarini nazarda tutib, o‘z nuqtayi nazarida qat'iyligini bildirdi. Kim bilsin, hokimlikning bu qadar komil ishonch ila bayonot berishi, hatto Oliy sud qarorini pisand qilmasligi ortida qanday kuchlar yashiringan ekan? Balki, hokimlikning ayni masala bo‘yicha siz-u bizga ma'lum bo‘lmagan «V» rejasi ham bordir...
Bayonotdagi yana bir mantiqsizlikka qarang: «Constant Trading» qo‘shma korxonasi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yana bir qonunbuzarlik holatiga yo‘l qo‘ygan. Farg‘ona viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining bizga ma'lum qilishicha, korxona davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olmay turib faoliyat olib borgan».
Shunday ekan, nega bu haqda sudga kiritilgan da'vo arizasida yoki mulkni olib qo‘yish to‘g‘risidagi 965-sonli qarorda biror narsa aytilmagan? Bu gaplar nega endi esga tushib qoldi, bu gaplar tirnoq ostidan kir qidirishdek holatni esga solmayaptimi?
Sud ostonasiga qaytgan umr
Yuqorida tadbirkor hokimlikning bema'ni da'vo arizasi ortidan qariyb 6 oy vaqtini sud idoralarida sarson o‘tkazgani va adolat Oliy sudda qaror topgandek bo‘lgani haqida aytdik. Biroq hammasi qaytadan boshlandi. «Omadi chopgan» hokimlik xuddi sezgandek mulkni sud qarori bilan emas, boshqa asosga ko‘ra zaxiraga olgan edi. Tabiiyki, Oliy sud tiklagan adolat aslida adolat bo‘lib chiqmadi.
Tadbirkor hammasini qaytadan boshladi. Ayni kunda uning Farg‘ona shahar hokimi 2019 yil 19 sentyabrda chiqargan 965-sonli qarorni haqiqiy emas topish to‘g‘risidagi arizasi Quva tuman ma'muriy sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Xotima
Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo sanoat palatasi tadbirkor tarafida. Ular ham hokimlik xato yo‘l tutayotganini tasdiqlagan.
Yana bir gap. Kuni kecha Prezident qabul qilgan qarorga ko‘ra endilikda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, obektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulk daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Barcha masalalarda bo‘lgani kabi yakuniy, jumladan adolatli so‘zni odil sud aytadi, degan aqidaga sobit qolgan holda voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.