Joriy yilning 22 noyabr kuni Lombardiya hududi gubernatori boshchiligidagi Italiya delegatsiyasining tashrifi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Italiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ushbu darajadagi tadbirlarning o‘tkazilishi investitsiya, savdo-iqtisodiy va bank sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli amaliy masalalarini muhokama qilish nuqtai nazaridan muhimligini ta'kidlab o‘tdi.
“MDH mamlakatlarining barchasi bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvlarning mavjudligi hamda O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi – o‘ziga xos simbioz bo‘lib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun aholisi 300 million kishidan ortiq katta bozorga bojlarsiz kirish imkonini ochib beradi.
Ko‘plab mamlakatlar investorlari o‘z mahsulotlarini MDH mamlakatlari va O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarga olib kirish maqsadida O‘zbekistonda raqobatbardosh ishlab chiqarishni yaratgan holda ana shu afzallikdan allaqachon foydalanishmoqda”, - dedi Sardor Umurzoqov.
“Joriy yilda O‘zbekiston tarixida ilk marta investitsiyalarning mamlakat YaIMdagi yalpi ulushi 38 foizdan ortiqni tashkil etdi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
Bu yili, yil yakunlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishining o‘sishi ikki martadan ortiq, deyarli uch marta ko‘p bo‘lishini kutyapmiz”, - deya o‘z nutqini davom ettirdi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri.
O‘zbekiston Italiya bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida ahamiyat berayotgani va bu, o‘z navbatida, joriy yilda Hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazilishi hamda O‘zbekiston delegatsiyasining XII Yevrosiyo iqtisodiy forumida ishtirok etgani orqali namoyon bo‘lishi ta'kidlab o‘tildi.
Lombardiya hududi gubernatori Attilio Fontana iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi, bu esa, O‘zbekiston-Italiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlarini faollashtirish va kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi.
O‘zbekiston bilan hamkorlikka doimiy qiziqish bildirayotgan Lombardiya kompaniyalari orasida Maire Tecnimont, Mapei, Wood / Foster Wheeler, Asco Filtri, SI.SE, Marzoli, Pietro Fiorentini, Cannon / Bono, Plastics Technologies, In3act, General Med Merate hamda Unicredit Bank va Banca Intesa San Paolo kabi yirik banklarni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Biznes forumda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 2 yil ichida O‘zbekistonda Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga (46tagacha) oshgan. Joriy yil boshidan buyon 15 ta korxona tashkil etilgan, Italiyaning 7 kompaniyasi akkreditatsiyadan o‘tgan. Lombardiya investorlari uchun qishloq xo‘jaligi, avtomobil sanoati va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarni qayta ishlash, kimyo tarmog‘i, neft va gaz sanoati, to‘qimachilik, ipak va charm-poyabzal sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasi, farmatsevtika, metallurgiya, shuningdek boshqa yo‘nalishlarda muhim istiqbollar qayd etildi.
Shuningdek, forum davomida, mavjud savdo-iqtisodiy sharoitlar va bozor xususiyatlarini hisobga olgan holda, bugungi kunda, o‘zaro savdo hajmini yiliga 500 million dollargacha oshirish imkoniyati mavjudligi ma'lum qilindi.
Ma'lumot uchun: Lombardiya - Italiyaning shimoliy qismidagi ma'muriy hudud (12 ta ma'muriy bo‘linma va 1507 ta kommunani qamrab olgan). Bu yerda mamlakat aholisining 1/6 qismi (10 million nafar kishi) istiqomat qiladi. Bu holat uni eng zich joylashgan hududlardan biriga aylantiradi. Lombardiya hududi aholisi ba'zi Yevropa davlatlari, masalan Avstriya, Shveytsariya va Norvegiya aholisidan ko‘pdir. Hozirgi bosqichda, Italiyaning eng faol iqtisodiy hududlaridan biri bo‘lgan Lombardiyaning yalpi hududiy mahsuloti jami Italiya yalpi ichki mahsulotining 20 foizini – 400 milliard yevroni tashkil etadi.