Olimpiya markazi, qo‘shimcha 100 mlrd so‘m va «Sport kuni». Prezident sport sohasi bo‘yicha yangi farmon imzolaydi

Sport 11:31 / 23.11.2019 15646

O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi. Prezidentning bu haqdagi tegishli farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilar jismoniy tarbiya va sport tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda:

jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shug‘ullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish;

davlat sport ta'limi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan oliy ma'lumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 51 foizdan 100 foizgacha yetkazish;

joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof to‘rt bosqichli tizim (muassasa-tuman (shahar)-hudud-respublika) ishlab chiqish va joriy etish;

bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘quvchi-sportchilari o‘rtasida “Bolalar olimpiya o‘yinlari”ni o‘tkazish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar terma jamoalariga zaxira yaratish hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talabalar spartakiadasi” sport musobaqasini tashkil etish natijasida talabalarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish;

aholining keng qatlami, jumladan umumta'lim maktabi o‘quvchilari, o‘rta maxsus, shuningdek professional va oliy ta'lim muassasalari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida jismoniy tarbiyani ommalashtirish, ular orasida iqtidorlilarini aniqlash maqsadida jismoniy tarbiya olimpiadalari va “Umumta'lim maktab sporti” festivali, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘rik-tanlovini bosqichma-bosqich (tuman (shahar), hudud, respublika) o‘tkazish tizimini ishlab chiqish va jismoniy darajasi rivojlangan eng yaxshi umumta'lim maktab, professional va oliy ta'lim muassasasi nominatsiyasini joriy etish;

sport sohasini tijoratlashtirish, shu jumladan 2020 yildan boshlab sport sohasida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, “Save Aral” xalqaro ekomarafoni, avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli o‘tkazish orqali sport turizmini rivojlantirish;

yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish hamda beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish yuzasidan kibersport turini tizimli rivojlantirish;

aholining barcha qatlamlari o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” jismoniy tayyorgarlik sinovlarini o‘tkazishni joriy etish;

sport turlari bo‘yicha terma jamoalar sportchilari uchun ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish, tayyorgarlik jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sport sohasida samarali tibbiy va farmakologik ta'minotni yo‘lga qo‘yish;

 

sport turlari bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan hududiy terma jamoa a'zolarini hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining o‘smirlar bo‘limlarida va undan katta yoshdagi hududiy terma jamoa a'zolarini tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda muntazam ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib borish mexanizmini joriy etish hamda kelajakda ular negizida sport tibbiyot markazlarini tashkil etish;

2020 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich olimpiya sport turlari bo‘yicha respublika sport musobaqalarida doping-test namunalarini olish hamda respublika va xalqaro darajadagi sport musobaqalarida sportchilarni sug‘urtalash tizimini joriy etish;

hududlarda qishki Olimpiya sport turlari infratuzilmasini yaratish, ushbu sport turlarini ommaviylashtirish orqali professional sportchilarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;

O‘zbekiston sport delegatsiyalarini nufuzli sport musobaqalariga tizimli tayyorlash bo‘yicha Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida Olimpiya tayyorgarlik markazini tashkil etish;

 xorijlik sportchi va muxlislarni keng jalb qilish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanish maqsadida “xospitaliti xizmatlari”ni yo‘lga qo‘yish va “Sport Visa” tizimini joriy etish;

sport sohasida xususiy sektor ulushini oshirish, shu jumladan sport tashkilotlarida davlat ulushini kamaytirish bo‘yicha zarur choralar belgilash;

sport sohasida bukmekerlik faoliyatini legallashtirish va sport lotereyalarini tashkil etish orqali sportni qo‘shimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish;

huquqni muhofaza qilish organlari va qurolli kuchlar tizimidagi ta'lim muassasalari, jumladan, “Temurbeklar maktabi” o‘quvchi-talabalari uchun “Armiya o‘yinlari” dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha fakultativ mashg‘ulotlar va to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish, sport inshootlari va muassasalarini boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan “Mening Sportim” tizimi orqali sport inshootlarini telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini ta'minlash;

milliy sport turlarini rivojlantirish va ommaviyligini oshirish, shu jumladan, milliy sport turlarini Osiyo va Olimpiya o‘yinlari dasturlariga kiritish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

har yili 20 dekabrga qadar kelgusi yil uchun sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalar) taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

respublika kalendar rejasiga asosan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy hamda tuman (shahar) kalendar rejalari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 25 dekabrga qadar tasdiqlanadi;

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika, hududiy va tuman (shahar) kalendar rejalari uchun zarur mablag‘lar, shu jumladan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, sport turlari federatsiyalari (uyushmalari) va boshqa turdagi xarajatlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish yillik dasturi har yili 1 aprelga qadar Moliya vazirligi tomonidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladi;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining markaziy apparati tuzilmasidagi jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring negizida Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi tashkil etiladi;

ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari biriktirilgan hududlarida, shu jumladan mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholini, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish bo‘yicha mas'ul etib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda sportni moliyalashtirish yillik dasturini ishlab chiqishda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining yillik xarajatlar smetasida quyidagilarni nazarda tutadi:

respublika kalendar rejasiga kiritilgan xalqaro va ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq asoslangan xarajatlarni;

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash, jumladan, sportchilarni energiya zaxirasini qoplash, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natija ko‘rsatgan sportchilarga umrbod to‘lovlar, milliy terma jamoalar a'zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, sug‘urtalash, sportchilarni taqdirlash bilan bog‘liq va boshqa xarajatlarni;

hududiy hamda tuman (shahar) kalendar rejalariga kiritilgan sport va ommaviy sport tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni;

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining va sport turlari federatsiyalari (uyushmalari), shu jumladan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni;

jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari, binolari va maydonlarini zamonaviy inventarlar bilan ta'minlash xarajatlari.

Belgilab qo‘yilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari:

jismoniy tarbiya va sport muassasalari hamda inshootlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasining budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjeti, tuman (shahar) budjetlari qo‘shimcha daromadlari hisobidan zarur mablag‘larini daromadlarining aniqlanadigan prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 10 foizgacha mablag‘larni hududiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirish;

respublika sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan birgalikda tuman (shahar) hamda oliy ta'lim muassasalarini sport turlari bo‘yicha sport ixtisoslashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoit yaratish, shuningdek “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini o‘tkazish, aholi va yoshlar o‘rtasida bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini har chorakda muhokama etib borish;

hududida jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish hamda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas'ul hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik, idoralar, o‘z tasarrufida bo‘lgan yoki hududida joylashgan ochiq sport inshootlari (stadion, futbol va sport maydonlari) hamda istirohat bog‘larida (tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli inshootlar bundan mustasno) aholi jismoniy tarbiya (yugurish, yurish va badantarbiya) bilan bepul shug‘ullanishi uchun sharoit yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholini jismoniy tarbiya bilan bepul shug‘ullanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli monitoring olib boradi va har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ma'lumot kiritib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Moliya vazirligining ta'lim muassasalarining sport inshootlarini, ularda rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha investitsiya majburiyatini olgan holda, o‘quv mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtda tadbirkorlik sub'yektlariga foydalanishga berish haqida takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining budjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami mablag‘larini shakllantirishning quyidagi qo‘shimcha manbalari etib belgilanmoqda:

yuridik shaxslar tomonidan lotereyalar tashkil etishdan tushgan mablag‘larning 10 foizi;

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 100 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar.

Sportchi yoshlarni saralash va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya), sport zaxirasini shakllantirish tizimini yo‘lga qo‘yish, yoshlar orasida sportni ommalashtirish, bu sohada yuqori natijalarga erishishda shunday tartib o‘rnatilsinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumta'lim maktablari hamda oliy ta'lim muassasalari kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan, shu jumladan milliy sport turlariga ixtisoslashtiriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalari) bilan birgalikda hududlarda ixtisoslashtirilgan tuman (shahar), umumta'lim maktablari hamda oliy ta'lim muassasalarining sport infratuzilmasini rivojlantirishda zaruriy o‘quv adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar va yo‘riqnomalar bilan ta'minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi:

sport ta'limi muassasalariga sport diyetologi, sport psixologi, sport farmakologi, massajchi lavozimlarini mavjud shtatlar doirasida joriy etish hamda muassasalarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda mavjud trener shtat birliklarini seleksiya bo‘yicha trener lavozimiga o‘zgartirish;

respublika oliy sport mahorati maktablarida mavjud trener shtat birliklari doirasida har bir sport turi bo‘yicha Bosh trener-seleksioner lavozimlarini joriy etish va ular tomonidan sport maktablariga jalb qilingan sportchilar respublika va nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g‘olib bo‘lganligi (1-3 o‘rin) uchun uning bazaviy tarif stavkasi miqdorining uch baravar miqdorda rag‘batlantirish;

muassasalarning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida sport tayyorgarligidan o‘tayotgan o‘quvchi-sportchining sportdagi natijalari yaxshilanganda va u boshqa yuqori darajadagi sport ta'limi muassasasiga o‘tkazilganda, uni tayyorlagan trenerga bir oylik ish haqi miqdorida bir martalik mukofot puli to‘lash;

barcha turdagi davlat sport maktablarida o‘quv rejasini maqbullashtirish hisobiga trenerlarning haftalik o‘quv yuklamasini 24 akademik soat etib belgilash;

sport maktablari erishgan natijalarga ko‘ra olimpiya zaxiralari ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi maqomini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligining 2020 yil 1 yanvardan boshlab sport sohasidagi yutuqlarni munosib ravishda rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi quyidagi takliflariga rozilik beriladi:

a) umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasining respublika bosqichida 1 – 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarni tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini bir martalik pul mukofotlari (1-o‘rin uchun – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 18 baravari, 2-o‘rin uchun – 12 baravari, 3-o‘rin uchun – 10 baravari) bilan taqdirlash;

b) “Bolalar olimpiya o‘yinlari”ning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha:

respublika bosqichi g‘oliblariga (1 o‘rin) oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida sport sohasi bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilish;

g‘oliblarni tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan tegishliligi bo‘yicha respublika, hududiy, tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan taqdirlash:

tuman (shahar) bosqichida – 1 o‘rin uchun – 3 baravari, 2 o‘rin uchun – 2 baravari, 3 o‘rin uchun – 1 baravari;

viloyat bosqichida – 1 o‘rin uchun – 4 baravari, 2 o‘rin uchun – 3 baravari, 3 o‘rin uchun – 2 baravari;

respublika bosqichida -1 o‘rin uchun – 6 baravari, 2 o‘rin uchun – 4 baravari, 3 o‘rin uchun – 3 baravari;

v) umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasi va “Bolalar olimpiya o‘yinlari”ning g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, sport ta'lim muassasalarining trenerlari attestatsiyaga jalb etilmasdan ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifalari (tuman (shahar) bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi, viloyat bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi, respublika va xalqaro musobaqalar g‘olibini tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi) berish;

g) respublika (1-o‘rin) va xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1 – 3-o‘rinlar) g‘olib chiqqan oliy ta'lim muassasalari talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi kafedralar o‘qituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlarni (dotsent, professor) to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish.

2020 yildan boshlab 5 mart kuni «Sport kuni» deb e'lon qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari, mutasaddi vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar turli ommaviy tadbirlar, sport musobaqalar, festivallar, marafonlar va boshqa tadbirlarni mos tarzda, tantanali ravishda o‘tkazishni ta'minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi sport sohasida bukmekerlik faoliyatini legallashtirish va sport lotereyalarini tashkil etish orqali sportni qo‘shimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligining O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Bunda, Surxondaryo viloyati hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Termiz tumani Yangi hayot mahallasida joylashgan Xalqobod transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji bino, inshootlari hamda unga tutash hududini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialiga operativ boshqaruv huquqi bilan o‘tkazib berilishi ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligining Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabining Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Yalang‘och dahasida joylashgan “Umid” sport sog‘lomlashtirish majmuasini bino, inshootlari Sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi balansiga o‘tkazish taklifi ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 o‘quv yiliga qadar jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat ta'lim standartlari, malaka talablari va fan dasturlarini takomillashtiradi hamda bitiruvchilarga jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va ixtisoslashgan sport turi bo‘yicha trener kvalifikatsiyasini berish amaliyotini joriy etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Bunda, davlat budjetidan sport sohasi uchun, shuningdek, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika va hududiy kalendar rejalari uchun ajratiladigan mablag‘larni taqsimlanishi va ishlatilishini to‘liq nazoratini amalga oshirish, ularning hisobotlarini shakllantirish, sport muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lar tushumini nazorat qilish va ishlatilishi shaffofligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi markaziy apparati tuzilmasi va hududiy boshqarmalari tuzilmasiga qo‘shimcha 114 ta boshqaruv xodimi shtat birliklari kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziriga vazirlikning markaziy apparati, hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo‘linmalari xodimlarining cheklangan soniga umumiy tizimdagi xodimlari soni doirasida o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan respublikaning barcha tumanlarida sport inshootlarini barpo etish uchun Hukumat kafolati ostida xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning imtiyozli kredit mablag‘larini jalb qiladi.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimovga – Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni ijro etish yuzasidan mas'ul vazirliklar va idoralar faoliyatini samarali tashkil qilish va o‘zaro hamkorlik qilish, “Yo‘l xaritasi” bajarilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga - Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H. Nabiyevga - Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: