Davlat tashqi qarzini jalb qilishning yuqori chegaralari belgilanadi

Iqtisodiyot 15:01 / 23.11.2019 14449

O‘zbekistonda davlat tashqi qarzini jalb qilishning yuqori chegaralarini belgilash mexanizmi joriy qilinadi. Bu haqda 2020 yilda inflatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da aytilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Davlat qarzlarini boshqarish samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi, jumladan mazkur farmonda tashqi va ichki omillar o‘zgarishini hisobga olgan holda davlat qarzlarini boshqarish bo‘yicha o‘rta muddatli strategiyani har yili yangilab borish nazarda tutiladi.

Moliya vazirligi (Ishmetov) 2019 yil dekabr oyigacha bu boradagi ishlarni amalga oshirishi zarurligi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, muvofiqlashtirilgan soliq-budjet siyosatini yuritish mo‘ljallanmoqda. Umumiy fiskal balans taqchilligini 2022 yildan boshlab YaIMning 1,5 foizidan oshirmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich qisqartirib borish rejalashtirilgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yo‘naltirilgan markazlashgan investitsiyalar samaradorligini oshirish ham ko‘zda tutilgan.

Bunda quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumatning qarori loyihasi ishlab chiqiladi:

investitsion loyihalarni tanlash va amalga oshirish bilan bog‘liq mavjud muammolarni tahlil qilish maqsadida davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) tizimini joriy qilish;

ijtimoiy soha tarmoqlari, yo‘l-transport infratuzilmasi va boshqa tarmoqlar bo‘yicha investitsion loyihalarni tanlash me'yorlari va muhimligini belgilash tartibini o‘rnatish;

markazlashgan investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan va amalga oshirishga taklif etiladigan loyihalar ma'lumotlarining har yili yangilanadigan yagona bazasini yaratish;

Investitsiya dasturini markazlashgan investitsiyalar hisobidan amalga oshirish doirasida hududiy loyihalarni mahalliy resurslar yoki tarmoq vazirliklari va idoralarning budjetidan tashqari o‘z mablag‘lari hisobidan bajarish orqali Davlat budjeti ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish.

Ko‘proq yangiliklar: