Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i («Anglesey Food» MChJ XK) aksiyadorlik kapitaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar shaklida 40 million dollargacha kiritishi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda tarmoqning rasmiy saytida ma'lum qilindi.
Sarmoya tarmoqning ayni paytdagi mavjud 50 ta supermarketini 2025 yilga kelib 140 tagacha yetkazish, shuningdek, amaliyot samaradorligi va korporativ boshqaruv standartlarini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishga yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar O‘zbekistonda zamonaviy chakana savdo sohasini taraqqiy ettirishga katta turtki beradi. Tarmoqni kengaytirish va amaliyot hamda moliya ko‘rsatkichlarini yaxshilash bilan birga loyiha atrof-muhitga ijobiy ta'sir ko‘rsatish, ijtimoiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, kompaniyada salomatlik va mehnat muhofazasi yo‘nalishlarida qabul qilingan ichki tartib va amaliyotlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i barcha zaruriy jarayonlar, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari auditi (MHXS), ekologik va ijtimoiy ekspertizadan o‘tgan. Mazkur ekspertiza YeTTB va milliy qonunchilikning yuqori standartlariga ko‘ra kompaniyaning atrof-muhit, sog‘liqni saqlash, xavfsizlikka ta'siri boshqaruv tizimining talablariga muvofiqligini tasdiqladi.
Bank bilan hamkorlik nafaqat sarmoyalar, balki YeTTB ta'sischilarining maxsus jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan bir qator muhim texnik kooperatsiya loyihalari bilan birga yuritiladi.
O‘tkazilgan ekspertizalar natijasida «Moliyaviy hisobot va boshqaruvni takomillashtirish dasturi», «Ta'minot zanjirida risklarni baholash», «Korporativ boshqaruv bo‘yicha harakatlar rejasi» va boshqa ko‘plab muhim hujjatlar ishlab chiqildi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) 1991 yilda tashkil topgan. Bankning asosiy vazifasi ochiq bozor iqtisodiyotiga o‘tish, shuningdek, xususiy va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga yordam beradigan loyihalarga sarmoya kiritish orqali Markaziy va Sharqiy Yevropada yangi davrni qurishdan iborat.