Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini talab darajasida ushlab turish uchun 17 trln so‘m mablag‘ ketadi

O‘zbekiston 15:31 / 21.11.2019 4238

O‘zbekistondagi jami avtomobil yo‘llar tarmog‘i 184 ming kilometrdan ziyod uzunlikda bo‘lib, undan 42 ming 676 kilometri umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, 116 ming 560 kilometri ichki xo‘jaliklararo, qishloq, shahar va ovullarning avtomobil yo‘llariga to‘g‘ri keladi. 24 ming 750 kilometr esa idoraviy inspektorlik yo‘llari tarmog‘i hisoblanadi.

Bu haqda bugun, 21 noyabr kuni Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi rasmiylari ishtirokida o‘tgan brifingda ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«42 ming kilometrdan ortiq bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining barchasini ko‘ngildagilek va talab darajasida ushlab turish uchun 17 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ketadi. Joriy yil davlat budjetidan 4 trillion so‘m atrofida mablag‘ ajratilgan. Ammo bu pullar yil mobaynida bajarishi lozim bo‘lgan ishlarimizga yetmasligi bois chet el va xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshiryapmiz.

Oldin xalqaro moliya institutlaridan faqatgina Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik qilardik. Bugungi kunda esa Islom taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilmani rivojlantirish banki, Saudiya taraqqiyot banki bilan ham o‘zaro turli loyihalar ustida ishlar olib boryapmiz», – dedi «Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi» DUK direktori o‘rinbosari Fahriddin Beknazarov.

Tadbirda ta'kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida Investitsiya, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari asosida respublikadagi 9 ming 477,5 kilometr avtomobil yo‘llarida qurish, qayta qurish, ta'mirlash va saqlash ishlari amalga oshirildi.

2019 yil yakuniga qadar 10 ming 116,0 kilometr avtomobil yo‘llarida qurilish, rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 814,0 mln. AQSh dollari (shundan 599,0 mln. AQSh dollari – xalqaro moliya institutlari, 215,0 mln. AQSh dollari – O‘zbekiston Respublikasi ulushi) bo‘lgan 4ta loyiha, ya'ni:

  • Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida – 198,0 mln. doll. evaziga «Qarshi-Shahrisabz» yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining 77 km qismini rekonstruksiya qilish;
  • Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida – 150,0 mln. doll. evaziga A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 87 km qismini rekonstruksiya qilish;
  • Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida – 51,0 mln. doll. hisobiga «4R87 G‘uzor-Chim-Ko‘kdala» avtomobil yo‘lining 35 km qismini rekonstruksiya qilish;
  • Jahon banki ishtirokida – 200,0 mln. doll. evaziga Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari mahalliy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari:

  • Germaniyaning «Papenburg» kompaniyasi bilan asfaltbeton mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish,
  • Xitoy Xalq Respublikasining «Kingdao Lefeng Interneyshnl Treyding» kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil yo‘llarida yo‘l chiziqlarini chizish uchun bo‘yoqlar va termoplastlar ishlab chiqarish,
  • Janubiy Koreya Respublikasining «Tsaris» kompaniyasi bilan yo‘l jihozlari ishlab chiqarishni tashqil qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ko‘proq yangiliklar: