Prezident Milliy gvardiya xodimlariga aloqador yangi qaror imzolaydi (batafsil)

O‘zbekiston 10:47 / 21.11.2019 54717

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari (xodimlari) va ularning oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilish yanada kuchaytiriladi. Prezidentning bu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Belgilanishicha, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, yaradorlik, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi rahbariyatining tavsiyanomasi asosida belgilangan qabul kvotalaridan tashqari davlat granti asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari bakalavriatiga (ikkinchi ta'limdan tashqari) kirish imtihonlarsiz qabul qilinadilar;

o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, yaradorlik, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy, oliy harbiy (magistratura, ikkinchi va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limdan tashqari) va o‘rta maxsus ta'lim muassasalariga qabul kvotalaridan tashqari dastlabki va harbiy-kasbiy tanlov natijalari, shuningdek Milliy gvardiya qo‘mondonining taqdimnomasi asosida qabul qilinadilar.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra mamlakatning mudofaa qudratini mustahkamlashga, jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlashga, huquqbuzarliklarni oldini olishga, shuningdek shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga salmoqli hissa qo‘shgan, xizmat va ilmiy faoliyatida ma'lum bir natijalarga erishgan Milliy gvardiyaning amaldagi harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlariga:

davlat granti asosida oliy ta'lim muassasalariga umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlari kvotasidan tashqari oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga (ikkinchi ta'limdan tashqari) kirish uchun besh foizli kvota;

o‘qishga kirish uchun ijodiy imtihonlar o‘tkaziladigan yoki test sinovlari o‘rniga sinov yoki suhbat (tanlov) asosida qabul amalga oshiriladigan oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari bakalavriatiga (ikkinchi ta'limdan tashqari) davlat granti asosida umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlari kvotasidan tashqari kirish uchun besh foizli kvota;

harbiy ta'lim muassasalariga kirish uchun kursant va tinglovchilar (o‘quvchilar)ni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.

 Belgilanishicha:

Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlariga ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining tavsiyanomasi bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi hamda o‘rinlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari bo‘yicha to‘plangan ballaridan kelib chiqib, abituriyent kirish imtihonlarining eng yuqori ballaridan kamida o‘ttiz foizini to‘plagan taqdirda, ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi;

harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlariga o‘qishga kirish uchun ijodiy imtihonlar o‘tkaziladigan yoki test sinovlari o‘rniga sinov yoki suhbat (tanlov) asosida qabul amalga oshiriladigan oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalariga qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining tavsiyanomasi bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi hamda o‘rinlar qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan ijodiy imtihonlari (sinov yoki suhbat) natijasi bo‘yicha to‘plangan ballaridan kelib chiqib, abituriyent to‘plashi mumkin bo‘lgan eng yuqori balldan kamida ellik foizini to‘plagan taqdirda, ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi;

harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlariga ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida harbiy ta'lim muassasalariga qabul qilish dastlabki va harbiy-kasbiy tanlov natijalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligining taqdimnomasi asosida amalga oshiriladi;

harbiy xizmatchi va xodimlar, shu jumladan halok bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlarini oliy ta'lim muassasalari, harbiy (ixtisoslashtirilgan) ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosarlaridan birining raisligida tuzilgan komissiya qarori hamda Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga asosan beriladi;

tavsiyanoma bir oliy ta'lim muassasalariga bir marta kirish uchun uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi;

harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlarida ushbu qarorda ko‘zda tutilgan tavsiyanoma bilan bir qatorda muddatli harbiy xizmatni o‘tab harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasi ham mavjud bo‘lsa, ularning tanlov asosida qabul qilish qo‘mondonlik tavsiyanomasida belgilangan qo‘shimcha ballarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi;

tavsiyanoma blankalari qat'iy hisobda turuvchi, hisob seriyasi, raqami va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘lgan hujjat bo‘lib, “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlariga tavsiyanoma berish bo‘yicha komissiya raisi va a'zolariga tavsiyanoma berish bo‘yicha qaror qabul qilishda xolislikni ta'minlash va korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.

Belgilanishicha, o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, yaradorlik, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlarning oila a'zolari (voyaga yetmagan farzandlari bolalikdan nogiron farzandlari, ota-onasi, turmush o‘rtog‘i), shuningdek ushbu holatlarda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchi va xodimlar:

Milliy gvardiya tibbiy muassasalari xizmatidan bepul foydalanish:

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi sanatoriy-kurort muassasalari joylashgan joyga shaharlararo (havo va temir yo‘l) transportida bepul borish va qaytish huquqiga ega.

Quyidagilar turar joy xizmati bo‘yicha kommunal va boshqa ko‘rsatilgan xizmatlar to‘lovi uchun har yarim yilda bir marotaba qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining uch baravar miqdorida pul kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi:

o‘z xizmat majburiyatlarini (vazifasini) bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, yaradorlik, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchi va xodimlariga;

qaramog‘ida o‘z xizmat majburiyatlarini (vazifasini) bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, harbiy xizmatchi va xodimlarning voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan shaxslarga.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda tegishli murojaatlar asosida o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila a'zolari (voyaga yetmagan farzandlari, bolalikdan nogiron farzandlari ota-onasi, turmush o‘rtog‘i)ga, shuningdek ushbu holatlarda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchi va xodimlarga O‘zbekiston Respublikasidagi sanatoriy-kurort muassasalariga yiliga bir marotaba, xarajatlari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashi mablag‘lari hisobidan qoplanadigan yo‘llanmalar ajratilishi ta'minlanadi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarini o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan deb topilishining tartibi va aniq mezonlarini tasdiqlanadi;

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarordan kelib chiqqan holda Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlarini Respublika ta'lim muassasalariga qabul qilish uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori loyihasini kiritadi;

Qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi uchun oliy ta'lim muassasalariga besh foizli qabul kvotasining umumiy har yili uchun taqsimlangan 10 foiz Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar o‘rtasida quyidagi nisbatda qo‘shimcha taqsimlanadi:

Mudofaa vazirligi – 2 foiz;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi – 2 foiz;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi – 2 foiz;

Davlat xavfsizligi xizmati – 2 foiz;

Prezidentning davlat xavfsizlik xizmati – 2 foiz.

Ko‘proq yangiliklar: