Italiya O‘zbekistonga GMO bo‘yicha laboratoriya tadqiqotlari tizimini joriy etishda ko‘mak beradi

O‘zbekiston 11:15 / 21.11.2019 1867

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Italiya davlatida bo‘lib turibdi.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, delegatsiya a'zolari “Pablisis Grupp” kompaniyasi bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuvda kompaniya prezidenti Anjyelo Bayochchi O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasida alohida o‘rin tutuvchi boy madaniy-ma'naviy merosiga alohida urg‘u berib, bu borada G‘arb va Osiyo davlatlari bo‘ylab keng targ‘ibot ishlarini (rebrending) o‘tkazish taklifini bildirdi. 

U mamlakatning ijobiy imijini shakllantirish va nufuzini oshirishda dunyoning yetakchi OAVlari va yirik media tuzilmalari bilan hamkorlik qilish masalalarida “Pablisis Grupp” kompaniyasi har qanday ko‘makka tayyor ekani ta'kidlandi.

Bundan tashqari, delegatsiya a'zolari “In3akt” kompaniyasi ta'sischisi va boshqaruvchisi David Ronkaloni bilan uchrashdilar.

Muhokamalar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini izchil rivojlantirish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar sektorning eksport salohiyatini oshirish masalalarida o‘zaro fikr almashdilar.

David Ronkaloni O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlash va eksportni targ‘ib qilish, buning uchun taqiqlangan kimyoviy va genetik modifikatsiyalangan organizmlardan (GMO) mahsulotlarning “tozaligini” tasdiqlovchi murakkab bosqichli laboratoriya tadqiqotlari tizimini joriy etishda hamkorlikka shay ekanini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda kelishilgan maqsadlarni amalga oshirish borasida bor kuch va salohiyatlarini safarbar etishga kelishib olindi. 

Ko‘proq yangiliklar: