Hukumat paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni tasdiqladi

O‘zbekiston 14:48 / 21.11.2019 6900

Vazirlar Mahkamasi paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni tasdiqladi. Bu haqda Norma yozmoqda.

Birinchidan, 2020 yil paxta hosilidan boshlab:

• Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarining ayrim tumanlarida 14 ta paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari isloh qilinadi;
• Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida 18 ta paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlarining ekin maydonlari kengaytiriladi.
 
To‘liq ro‘yxatlar hujjatga ilovada keltirilgan. Barcha ishlab chiqaruvchilarga sug‘oriladigan yer uchastkalari ajratiladi.
 
Ikkinchidan, yuqorida ko‘rsatilgan ishlab chiqaruvchilarning ba'zilariga paxta tozalash korxonalari hamda paxta tayyorlash punktlari tasdiqlangan ro‘yxatga binoan sotiladi. To‘lov baholash qiymati bo‘yicha 5 yil muddatda bo‘lib to‘lash bilan amalga oshiriladi. Ikki oy muddatda sotiladigan korxonalarning soliq qarzdorligi xatlovdan o‘tkaziladi va u oldi-sotdi shartnomasi hamda to‘lov jadvaliga asosan so‘ndiriladi.
 
Uchinchidan, kelgusi yilda paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun to‘qimachilarga Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kreditlar ajratiladi. Kuzgi agrotexnika tadbirlari Jamg‘arma tomonidan tijorat banklariga ajratiladigan kreditlar hisobiga amalga oshiriladi.
 
To‘rtinchidan, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilariga Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan nazarda tutilgan shartlar va kafolatlar tatbiq etiladi:

• 2018 yil 25 yanvardagi 53-son (2, 4-8, 10 va 13-bandlari);
• 2018 yil 19 sentyabrdagi 744-son (4, 9 va 11-bandlari);
• 2019 yil 18 martdagi 230-son (2 va Z-bandlari).
 
Beshinchidan, ikki oy muddatda barcha paxta tozalash korxonalarida ishlab chiqarilgan paxta tolasi hajmlarini majburiy tartibda hisobga olish va monitoringini yuritishning yagona avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi.  Tizim sinov tariqasida barcha tashkilotchilarga 2020 yil hosili xomashyosini qayta ishlash davridan boshlab joriy etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: