Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21 noyabrdagi yalpi majlisida «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.
Deputatlar qonun loyihasini konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma'qullagan, deputatlar tomonidan ko‘plab savollar va takliflar berilgandi. Parlament quyi palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Davlat budjeti boshqarmasi oldiga hukumat bilan birgalikda loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, takliflar asosida, mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida har taraflama muhokama qilib, maromiga yetkazish topshirilgan edi.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qish uchun yalpi majlisga kiritilguniga qadar bo‘lib o‘tgan qo‘mitalar, fraksiyalar, ishchi guruh yig‘ilishlari hamda palata yalpi majlisidagi muhokamalarda 100dan ortiq takliflar bildirildi. Ulardan 60ga yaqini prinsipial takliflardir.
Deputat Maqsud Qurbonboyevning aytishicha, taklif va mulohazalardan hamda qonunchilik texnikasi, tilshunoslik qoidalaridan kelib chiqib, qonun loyihasining 17ta moddasiga 42ta o‘zgartirish, 4ta moddasiga qo‘shimchalar kiritildi, 2ta moddasi esa to‘liq chiqarib tashlandi.
Shuningdek, ayrim masalalar mazkur qonun loyihasi predmeti emasligidan kelib chiqqan holda, boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali hal etilishiga kelishildi. Boshqalari bo‘yicha asosli tushuntirishlar berildi.
Jumladan, qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i respublika budjetiga o‘tkazilishi taklif etilgan edi. Deputatlarning bu tartib mahalliy hokimliklarning tadbirkorlik sub'yektlarini tashkil etishga bo‘lgan qiziqishini kamaytirishi mumkin, degan fikridan kelib chiqib, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i tushumlarining mahalliy budjetlarda 50 foizi qoldiriladigan bo‘ldi.
Aholining ijtimoiy himoyalash maqsadida loyihaning 21-moddasiga qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlar daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlari mahalliy hokimliklarning faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa, xarajatlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasiga budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat etishi, shuningdek, ushbu tartibda tuman va shahar hokimliklari viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat etishi belgilab qo‘yilishini ko‘zda tutuvchi alohida band kiritildi.
Shu bilan birga, qonun loyihasidagi «parlament ajratmalari» tushunchasi «respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar» degan so‘zlar bilan almashtirildi.
Qonun loyihasida qo‘shimcha daromadlar hisobidan respublika budjetining tasdiqlangan jami xarajatlarini 3 foizgacha oshirish Vazirlar Mahkamasi tomonidan, undan ortiq miqdorlarda esa Oliy Majlis palatalari ruxsati bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyihaga davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlariga o‘zgartirish kiritish tartibi bo‘yicha ham tegishli qo‘shimchalar kiritildi.
Deputatlar tomonidan mahalliy budjetlarning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga depozitga joylashtirish vakolatini hududlarning o‘ziga berish orqali mahalliy budjetlarning daromadini ko‘paytirish taklifi bildirilgan edi. Mazkur taklifni amalga oshirish mexanizmi puxta o‘ylab ishlab chiqilishi maqsadga muvofiqligi hamda ushbu qonun loyihasi bilan emas, balki alohida me'yoriy hujjat bilan tartibga solinishi lozim, degan qarorga kelindi.
Shuningdek, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozitga joylashtirish Moliya vazirligi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda amalga oshirilishi va olinadigan foiz daromadlari tegishli hudud mahalliy budjetiga yo‘naltirilishiga kelishildi.
Bundan tashqari, deputatlar taklifiga ko‘ra, 2020 yil uchun davlat budjeti loyihasida umumta'lim maktablarini jihozlash uchun 97 mlrd so‘m mablag‘ga qo‘shimcha ravishda, davlat boshqaruv organlari xarajatlarini maqbullashtirish hisobidan qo‘shimcha 50 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladigan hamda 2020 yilning 1 martiga qadar umumta'lim maktablarini jihozlash bo‘yicha besh yilga mo‘ljallangan alohida dastur ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
Moliya vazirligiga O‘zbekiston prezidentining 2020 yilgi davlat budjeti ijrosini ta'minlash yuzasidan ishlab chiqiladigan qarori loyihasida 2020 yilning 1 apreliga qadar vazirlik hamda idoralarning budjetdan tashqari daromad va xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha topshiriqni ko‘zda tutish taklifi berildi.
Shuningdek, 2020 yilgi davlat budjeti ijrosini ta'minlash yuzasidan ishlab chiqiladigan prezident qarori loyihasiga o‘zini o‘zi to‘liq moliyalashtirishga o‘tadigan oliy ta'lim muassasalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish bo‘yicha topshiriq belgilanishiga kelishildi.
Kelgusi yillarda talabalar soni bosqichma-bosqich oshib borishini hisobga olib, deputatlar taklifi asosida 2020 yilda qo‘shimcha 500ta doktorantura hamda shogird-tadqiqotchilikka qabul kvotalari uchun mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Mahalliy budjetlarda shakllangan qo‘shimcha manbalarni birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga yo‘naltirish taklifi qonun loyihasiga kiritildi.
Parlament vakillarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan bergan savollariga Bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, tegishli vazirliklarning mutasaddilari javob qaytardi.
Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari a'zolari hamda Ekologik harakat deputatlar guruhining so‘zga chiqqan vakillari hukumat tomonidan taqdim etilgan budjet loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdilar.
Qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, uni Senatga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘z olib, kun tartibidagi masalaning ahamiyatiga to‘xtaldi.
«Davlat budjetining qonun shaklida qabul qilinishi bu bir oddiygina rasmiyatchilik emasligini deputatlarimiz yaxshi tushunib, biz bilan shunchalik muhokama qilishdi. Shunday savollar bo‘ldiki, bir yildan buyon tayyorlanib yurgan ishimizda ham e'tiborimizdan chetda qolib ketgan narsalarni ko‘rdik. Umuman olib qaraganda, berilgan takliflar, savollar, hamma-hammasi konstruktiv tusdagi savollar bo‘ldi. Hammasi. Shuning uchun ham hukumat vakillari ayrim katta masalalar bo‘yicha davlatimiz rahbariyati bilan maslahatlashgan holda har bir deputatning taklifini inobatga olishga harakat qildik», dedi Jamshid Qo‘chqorov.