Benzin narxi oshishi: Eronda 100dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda

Jahon 11:32 / 21.11.2019 29849

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy chorshanba kuni «dushmanlarning fitnasi ustidan g‘alaba qozonilgani» haqida e'lon qildi. U vazirlar mahkamasining televideniye orqali namoyish etilgan yig‘ilishida mamlakatda yoqilg‘i narxlari ko‘tarilishidan so‘ng kelib chiqqan ommaviy norozilik namoyishlarining bostirilishini shu tarzda izohladi.

«Eron xalqi yana sinovdan o‘tdi va dushmanlarning vaziyatdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligini ko‘rsatdi», - dedi Ruhoniy. Uning qo‘shimcha qilishicha, odamlar hukumatning harakatlaridan norozi bo‘lish huquqiga ega. Davlat ommaviy axborot vositalari ham turli shaharlarda hukumatga qarshi namoyishlar haqida xabar berdi. Shuningdek, mahalliy OAVning bildirishicha, hibsga olinganlar orasida ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslar, jumladan, Germaniya va Turkiya fuqarolari ham bor.

Foto: REUTERS

Qator shaharlarda politsiya bilan to‘qnashuvlar, shuningdek banklar va davlat muassasalariga hujum qilish bilan bog‘liq norozilik namoyishlari boshlanganidan so‘ng, Eron hukumati mamlakatda internetni o‘chirib qo‘ydi. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda norozilik namoyishlaridan olingan video va fotosuratlar deyarli yo‘q, mamlakatda nimalar bo‘layotganiga oid mustaqil dalillar juda kam. Rasmiylarning aytishicha, namoyishlar to‘xtamoqda.

Amnesty International huquqni himoya qilish tashkilotining guvohlar va faollar ma'lumotiga asosan xabar berishicha, 20dan ortiq shaharda norozilik namoyishlari bostirilganda kamida 106 kishi o‘ldirilgan va 1000ga yaqin kishi hibsga olingan. BMT vakillari «o‘nlab» halok bo‘lganlar haqida ma'lum qilmoqda. Eron rasmiylari bu raqamlarni rad etyapti, ammo o‘z statistikasini keltirmayapti.

Norozilik namoyishlari 15 noyabr, juma kuni birdaniga bir nechta shaharda boshlandi. Bunga benzin narxining oshishi (1 litri uchun 13 sent) va yoqilg‘i sotuvining cheklanishi sabab bo‘ldi. Hukumatning ta'kidlashicha, bu AQShning sanksiyalari bilan bog‘liq iqtisodiy muammolarni hal qilishning yagona yo‘li.

Eron axborot agentliklari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari butun mamlakat bo‘ylab namoyishchilar hukumatga qarshi shiorlar bilan chiqishganini qayd etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda radikal faollar yoqilg‘i quyish shoxobchalari, moliyaviy muassasalar binolarini yoqib, politsiya xodimlari bilan mushtlashuvga kirgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi.

 

Ko‘proq yangiliklar: