Tojikistondagi chegara zastavasiga hujum: ShHT ikki hafta o‘tib voqeaga munosabat bildirdi

Jahon 15:00 / 20.11.2019 56252

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) 5 noyabrdan 6 noyabrga o‘tar kechasi Tojikistonda IShID terrorchilik tashkiloti jangarilarining chegara otryadiga ro‘y bergan hujumini keskin qoraladi. Tashkilot ushbu bayonotni 19 noyabr kuni tarqatdi.

Tashkilot respublika huquqni muhofaza qilish organlarining ushbu hodisaga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Ushbu voqea tashkilotning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, shu jumladan, terrorizm va ekstremizm tahdidlari hamda chaqiriqlariga qarshi birgalikda kurashishni kuchaytirish bo‘yicha izchil va qat'iyatli harakatlarini amalga oshirish zarurligini tasdiqlaydi, deya ta'kidlagan ShHT.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 6 noyabrga o‘tar tunda qurollangan guruh Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qildi. Hujum «Sultonobod» chegara otryadi harbiy qismining Ishkoboddagi 4-sonli chegara zastavasiga amalga oshirilgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qilgan shaxslar IShID terrorchi guruhi jangarilari bo‘lgan. Ular Tojikistonga Afg‘oniston tomondan o‘tib kelishgan.

O‘z navbatida, Tojikiston davlat xavfsizlik organlari faxriysi Davlatxo‘ja Nazirov IShIDning chegara zastavasiga hujumi haqidagi versiya ishonchsiz ekanini bildirdi.

Kobuldagilar Tojikistonga IShID jangarilari Afg‘onistondan kirib kelganini inkor etishdi.

Ko‘proq yangiliklar: