So‘nggi yillarda dunyo iqtisodiyotida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘rsatkichlari tushib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich 2018 yilda o‘rtacha 8 foizdan 10 foizgacha o‘sdi.
Xususan, O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ridan xorijiy investitsiyalar oqimi 2018 yilda uch barobarga oshdi.
Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi oraliq majlisida so‘z yuritdi.
Vazirga ko‘ra, O‘zbekistonda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar dinamikasi bundan keyin ham o‘sishda davom etishi kutilyapti.
«Bunday o‘sish ko‘rsatkichlari O‘zbekistondagi islohotlar, jumladan, valuta bozorini liberallashtirish, mamlakatning dunyo hamjamiyatiga ochilishi, iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish kabi choralar samarasi o‘laroq qayd etildi», – degan Umrzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ma'lumot uchun, Xorijiy investorlar kengashi prezidentning 13 noyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan edi.