O‘zbekiston MDHga raislik qilish vaqtida 70 ga yaqin tadbir o‘tkazishni rejalashtirmoqda 

O‘zbekiston 08:26 / 20.11.2019 4746

O‘zbekiston 2020 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda 70 dan ortiq muhim ahamiyatdagi tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

MDH ijroiya qo‘mitasi raisi - ijrochi kotibi Sergey Lebedev O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng belaruslik jurnalistlarga O‘zbekistonning MDHda raislik qilishi samarali bo‘lishiga ishonchi komilligini aytgan.

“MDH tarixida ilk bor O‘zbekiston o‘z zimmasiga Hamdo‘stlikda raislik qilish vazifasini oldi. Men yaqinda Toshkentdan qaytdim. U yerda O‘zbekiston prezidenti, tashqi ishlar vaziri, xavfsizlik kengashi raisi bilan uchrashdim. Biz jumladan O‘zbekiston raislikni samarali amalga oshirishi borasida suhbatlashdik”, deb aytgan Lebedev.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekistonning MDHda raisligi vaqtida 70 taga yaqin muhim tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. “Mamlakat rahbariyatining ulkan mas'uliyati sezilmoqda. O‘zbekiston juda ko‘plab tadbirlar – davlatlar rahbarlari, bosh vazirlar, tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari, ijodiy, ilmiy doiralarning anjumanlari, MDH Iqtisodiy kengashini o‘tkazishni rejalashtirgan. Tadbirlarning katta qismi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan MDH ijrochi kotibi.  

Shuningdek, MDH davlatlari hududlarining Birinchi forumi o‘tkaziladi.  

Lebedev suhbat chog‘ida Turkmanistonning MDHda raislik qilishi unumli bo‘lganini va asosiysi – Ashxobod tashabbusi bilan MDH davlatlari strategik iqtisodiy hamkorligi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganini ta'kidlab o‘tgan. 

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Nosirjon Yusupov MDHda raislik qilish O‘zbekiston uchun katta sharaf va mas'uliyat ekanini qayd qilib o‘tgan. “Shundan kelib chiqib, biz raislik qilish konsepsiyasini ishlab chiqishga jiddiy yondashdik. Uning asosiy mazmun-mohiyati Hamdo‘stlik davlatlarining ko‘p tomonlama hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: