Ishtixonda hovlisida ko‘knori yetishtirgan ayolga sud jazosi tayinlandi

Jamiyat 12:50 / 20.11.2019 13992

Samarqand viloyati Ishtixon tumanining Qo‘rli qishlog‘ida yashovchi uy bekasi Zebiniso Ro‘ziqulova hovlisida ko‘knori yetishtirmoqchi bo‘lib, giyohvandlik o‘simligi urug‘larini qadadi. Albatta, keyinchalik sud yig‘ilishida bu o‘simlikni ekib yetishtirish taqiqlangan ekanligidan xabardor bo‘lganini ham tan olgan.

Ishtixon tuman IIB operativ fotosi

Lekin qo‘ni-qo‘shnining ko‘zi tushadigan joyda bemalol yetishtirish, oqibatini o‘ylamaslik qonun-qoidalarga bepisandlikdir.

Ishtixon tuman IIB operativ fotosi

«Qoradori-2019» birinchi bosqich tadbiri davomida Samarqand viloyati va Ishtixon tumani IIB xodimlari bu hovliga kirib borganda Z.Ro‘ziqulova bemalol ko‘knorilarni sug‘orayotgan edi.

Ishtixon tuman IIB operativ fotosi

Aniqlanishicha, u o‘z tomorqasining 5×2,5 m.kv joyida yetishtirayotgan ko‘knori o‘simliklarining har birining bo‘yi 20-25 sm bo‘lib qolgan. Ular ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olib qo‘yilganligi sababli, u o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini o‘tkazish jinoyatini sodir qila olmay qoldi.

Ishtixon tuman IIB operativ fotosi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudining sudya I.G‘ulomov raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida Zebiniso Ro‘ziqulova Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan eng kam oylik ish haqining 40 baravari miqdorida jarima jazosi, 25-, 273-moddasining 5-qismi bilan, 57-moddani qo‘llab, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Albatta, sud Z.Ro‘ziqulovaning hech joyda ishlamayotgani, 5 nafar farzandi borligi, qilgan jinoyatida qattiq pushaymonligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartliga almashtirildi va uch yil sinov muddati belgilab berdi.

Ko‘proq yangiliklar: