Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, ishchi guruhlarida “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash yuzasidan faol muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.
Parlament quyi palatasi majlisida deputatlar mazkur qonun loyihasini konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma'qullagan edilar. Barcha siyosiy partiyalarning fraksiyalari o‘z pozitsiyasini bildirgandi.
Hukumat hamda parlament quyi palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi oldiga loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash doirasida uni keng muhokamalar qilish va deputatlar tomonidan bildirilgan takliflarni ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasi vakillari va ekspertlar ishtirokidagi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining yig‘ilishida qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqildi. Loyihani takomillashtirishga yo‘naltirilgan fikrlar bildirildi.
Qonun loyihasida birinchi o‘qishdan so‘ng “Parlament ajratmalari” tushunchasi matndan chiqarib tashlanishi ko‘zda tutilmoqda. Oliy Majlis qoshidagi Davlat budjeti Boshqarmasi mutaxassislarining qayd etishicha, bu xorijiy mamlakatlar qonunchiligida kam uchraydi. Bundan kelib chiqib, qonun loyihasida ushbu tushuncha “O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar” bilan almashtirilmoqda.
Undan tashqari, parlament a'zolari respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirish kiritish tartibiga aniqlik kiritish zaruriyati yuzasidan bir to‘xtamga kelishdi. Jumladan, hukumatga 10 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda budjet mablag‘larini vazirliklar va idoralar o‘rtasida taqsimlash huquqi beriladi. 10 foiz va undan ortiq miqdor bo‘lganida esa, Oliy Majlis palatalari ushbu jarayonni amalga oshiradi.
Shuningdek, deputatlar qonun loyihasining 12-moddasini “parlament respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlarini tasdiqlaydi” degan norma bilan to‘ldirishni taklif etmoqda.
Mahalliy budjetlarning shakllanishida va ularning daromadlari taqsimlanishida, qo‘shimcha mablag‘larning sarflanishida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakolatlariga taalluqli normalarga aniqliklar kiritilmoqda. Deputatlarning taklif etishicha, mahalliy hokimliklarning takliflari yuzasidan mahalliy budjetning 10 foizdan kam bo‘lmagan qo‘shimcha daromadlarini ijtimoiy soha tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi. Bunda jamoatchilik fikriga muhim ahamiyat qaratish zarur.
Joriy yil 14 noyabrda o‘tkazilgan palata majlisida deputatlar tomonidan bir qator aniq takliflar bildirilgan edi. Qonun loyihasining 21-moddasiga qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlar daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlari mahalliy hokimliklarning faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa, xarajatlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasiga budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat qilishi, shuningdek, ushbu tartibda tuman va shahar hokimliklari viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat etishlari belgilab qo‘yilishini ko‘zda tutuvchi alohida band kiritildi.
Deputatlar ilgari surgan taklifga ko‘ra, qonun loyihasining 11-moddasiga qo‘shimcha ravishda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti, Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 3 foizidan oshgan qismini ishlatishga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan ruxsat berish normasi kiritilmoqda.
Qonunchilik palatasi saytida aytilishicha, deputatlar tomonidan har tomonlama o‘rganishlar asosida muhokama qilinayotgan mazkur qonun loyihasiga shu kabi 20ga yaqin o‘zgarishlar kiritilmoqda.