Gurlan tumani kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi

O‘zbekiston 10:02 / 20.11.2019 4980

2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Gurlan tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan 2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Gurlan tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi ma'qullanishi mumkin.

Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

Gurlan tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlanish darajasi va farovonligini oshirish;

qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini oshirish;

hududning tabiiy va iqlim sharoitiga xos bo‘lgan chorvachilik, sholichilik, baliqchilik hamda qizilmiya ildizini yetishtirish va chuqur qayta ishlashni rivojlantirish;

yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, irrigatsiya-meliorativ obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish;

ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda boshqa ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish darajasini yaxshilash.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Xorazm viloyati hokimligi, Gurlan tumani hokimligi bilan birgalikda 2020 yilda qayta tashkil qilinayotgan Gurlan tumanining markazini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, muxandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obektlarini nazarda tutgan holda Bosh rejasini qayta ko‘rib chiqib, tuzatish kiritish va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqadi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Moliya vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, tuman aholisini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida yangidan “suv tozalash inshooti” tashkil qilish hamda Gurlan shaharchasiga oqova tizimi (kanalizatsiya) qurish uchun 2020-2022 yillarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 12,9 mln. dollar mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 35-sonli majlis Bayonida “Shovot-Gurlan-Jumurtau-Koybakli Qorao‘zak” yo‘nalishida yangi temir yo‘l tarmog‘i qurilishi belgilanganligini inobatga olgan holda:

Xorazm viloyati hokimligi, Gurlan tumani hokimligi loyihalashtirilayotgan yangi temir yo‘li trassasi hududlarida yuridik va jismoniy shaxslarga yer ajratish va qurilishga ruxsat berish bo‘yicha qarorlar chiqarishni to‘xtatadi;

2020 yil 1 fevralga qadar loyihalashtirilayotgan yangi temir yo‘li trassasi hududlarida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli mavjud bino inshootlarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirilishi va baholanishini ta'minlaydi;

yangi temir yo‘l bekati qurilishi munosabati bilan, yaqin hududda bozor-infrastruktura obektlari tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Xorazm viloyati hokimligi:

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Gurlan tumani hokimligi bilan birgalikda tuman hududida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, fermer va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarini Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori asosida yangidan tashkil etilishini ta'minlaydi;

Suv xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda hududni suv resurslari bilan ta'minlanganlik darajasidan kelib chiqib:

Fuqaro “Rajabov Bobonazar” hamda fuqaro “Xasanov Ra'sul” tomonidan sholichilik klasterlari tashkil etish;

“Gurlan agro klaster” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan g‘allachilik klasterini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda tuman hududida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy qilinishini ta'minlaydi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2020-2022 yillarda Gurlan tumanida qizilmiya va shu kabi geografik joylashuviga mos boshqa dorivor o‘simliklarni plantatsiya usulida yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat mulkini boshqarish agentligi, Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda Gurlan tumanidagi avval xususiylashtirilgan davlat obektlari, shuningdek boshqa bo‘sh turgan yer maydonlari va bino-inshootlar holatini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi.

Xatlov natijalariga ko‘ra, obektlardan samaralari foydalanish yoki foydalanmay turgan obektlarni qonunchilikka muvofiq mahalliy hokimlik balansiga o‘tkazish yoki qaytarib olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Tuman hokimiga, istisno tariqasida 2022 yil 1 yanvarga qadar Xorazm viloyati hokimligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladigan quyidagi huquqlar beriladi:

a) auksion savdolarisiz, investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali sug‘oriladigan ekin yerlar toifasiga kirmaydigan, lekin qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi yerlari toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish;

b) xorijiy investor tomonidan qonun hujjatlarida belgilanganidan qo‘shimcha soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini berish talabi qo‘yilmagan taqdirda chet el investitsiyasi ulushi bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalari tuzish;

v) respublika va mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan, tumanda qurilish, rekonstruksiya va kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun pudrat tashkilotlarini tanlashda eng maqbul takliflarni tanlab olish yo‘li bilan, tanlov savdolarini o‘tkazmasdan pudrat va loyiha tashkilotlarini belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, “O‘zsanoatqurilishbank”, Gurlan tumani hokimligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 apreldagi PQ-3651-sonli qarori asosida tumanda davlat xususiy sherikchilik asosida 100 o‘rinlik 6 ta maktabgacha ta'lim muassasasini 2020 yil yakuniga qadar ishga tushirilishini ta'minlaydi.

Xorazm viloyati hokimligi, Gurlan tumani hokimligi 2019 yil yakuniga qadar:

Gurlan tumani “Chinobod” mahallasi hududida yangi zamonaviy avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasini joylashtirish yuzasidan taklif ishlab chiqib, Energetika vazirligiga o‘rnatilgan tartibda taklif kiritilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi 815-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2019 yillarda hududlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarini qurish maqsadli ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda, tuman markaziy shifoxonasini ta'mirlash, zarur moddiy-texnika shu jumladan, jonlantirish (reanimatsiya) va tug‘ruq bo‘limlarini zarur zamonaviy anjom va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta'minlash yuzasidan taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: