Moliya vazirligida davlat budjetining 2019 yil o‘tgan davri ijrolari va budjet parametrlari ko‘rsatkichlarini sifatli ijro etilishini ta'minlash hamda moliya tizimi xodimlarining vazifalariga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi o‘tkazildi.
Hay'at yig‘ilishi videoselektor tarzida o‘tkazildi. Yig‘ilishda moliya tizimining 1062 nafar rahbar xodimlar ishtirok etdi. Hay'at yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tomonidan olib borildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyi yakunida davlat budjeti daromadlari bo‘yicha 5,9 trln. so‘m ortig‘i bilan bajarilgan bo‘lsa-da, zaruriy choralar ko‘rilmaganligi natijasida 3-chorakda daromadlarining umumiy tasdiqlangan rejasi Buxoro, Qashqadaryo hamda Farg‘ona viloyatlarida bajarilmagan.
Shuningdek, budjet xarajatlaridan maqsadli va oqilona foydalanishda budjet intizomi buzilishi natijasida 91,3 mlrd. so‘m maqsadsiz, noqonuniy xarajatlar aniqlangani, bunda Jizzax, Andijon va Toshkent viloyatida ishlarni tizimli ravishda tashkil etish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hay'at yig‘ilishida:
davlat budjeti, xususan mahalliy budjetlarning daromad va xarajatlarining 2019 yil ijrosi sifatli ta'minlash yuzasidan ko‘riladigan chora-tadbirlari;
2020 yilgi budjet-soliq siyosatiga kiritilayotgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalar, kelgusi moliya yilida ko‘zda tutilgan moliyaviy islohotlar, shuningdek joylardagi mahalliy hokimliklar, budjet tashkilotlari va budjetdan mablag‘ oluvchilarni mustaqilligini oshirish;
o‘rta muddatli budjetlashtirishga o‘tish hamda xarajatlarning maqsadli va natijadorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar;
moliya tizimi faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi hamda 2019 yil qolgan davrda ham iqtisodiyotning yuqori va barqaror o‘sish sur'atlarini saqlab qolishda davlat budjeti daromadlari tushumini ko‘paytirish, bu borada qo‘shimcha zaxiralarni izlab topish hamda budjet xarajatlarining aniq maqsadlarda yo‘naltirish bilan birga uning natijadorligini oshirish hamda 2020 yil budjet-soliq siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ustuvor tadbir va vazifalar belgilab olindi.