Farmonga muvofiq, Markaziy bank inflatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni ta'minlaydi.
Hujjat bilan 2020 yilda inflatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ma'qullandi.
Farmonda belgilanishicha:
2020 yil 1 yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi, ipotekani kreditlash bo‘yicha davlat dasturlari hamda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno;
2021 yil 1 yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining ma'lum bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi.