Ko‘cha supuruvchilarsiz ham ozoda ko‘chalar – yaponlar bunga qanday erishgan?

Light 17:58 / 19.11.2019 44767

Yaponiyaga borganlar ilg‘aydigan eng birinchi narsa – hududning tozaligi. Ko‘cha-ko‘yda biror chiqindiga ko‘zingiz tushmaydi. Ajablanarlisi, Yaponiyada ko‘cha supuruvchilarni uchratish ham amri mahol, deb yozadi BBC.

«Beshinchi qator hojatxona tozalashga...»

Har biri 50 daqiqadan davom etuvchi 7 soatlik darslardan keyin, o‘quvchilar uyga qaytishni qanchalik xohlab, ich-ichidan shoshilib turganini tasavvur qilish qiyin emas. Biroq ular o‘qituvchining kichik e'lonini sabr bilan tinglaydilar.

Doimgidek, muallimning yakunlovchi nutqi boshlanadi: «Xo‘sh... hammaning diqqatiga. Bugungi tozalik uchun navbatchilik jadvali. Birinchi va ikkinchi qator sinfxonani tozalaydi, uchinchi va to‘rtinchi koridorni, beshinchi qatordagilar esa hojatxonani tozalaydi».

Beshinchi qatordan ayrimlarning yuzida norozilik kayfiyati seziladi. Shunga qaramay, o‘rinlaridan turib, sinfxona oxiridagi tozalik shkafidan chelak va cho‘tkalar, kiyimlarni olib, hojatxona tozalashga yugurishadi.

Shu tanish manzara har kuni Yaponiyaning har bitta maktabida takrorlanadi.

Jumboqning oddiy javobi

Yaponiyada birinchi marta bo‘lib turgan sayyohlarning aksariyati bu yerdagi tozalikdan hayratga tushadi.  Hatto atayin mamlakatning ozodaligini ko‘rish uchun keladiganlar ham bor. Ular Yaponiyaga kelib, ko‘cha-ko‘yda tashlab ketilgan mayda chiqindilar haqiqatan ham yo‘qligining guvohi bo‘lishadi.

Shu bilan birga, ko‘cha supuruvchilar ham yo‘qligi – yana bir qiziq holat. Mana shu paytda sayyohlarning xayoliga keladigan savol tabiiy: qanday qilib davlat bu qadar tozalikka erishgan?

Bu yerda yashovchilar uchun esa javob oddiy. «12 yillik maktab davrida, boshlang‘ichdan to yuqori sinfni tugatguncha tozalik vaqti – o‘quvchilar kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan», – deydi Hiroshima prefekturasi hokimligining Tokiodagi ofisi direktori o‘rinbosari Maiko Avane.

«Uyimizda ham ota-onalarimiz bolalariga o‘ziga tegishli buyumlar va o‘zimiz yashaydigan joyni ozoda saqlash muhimligini doimo o‘rgatib boradi», deya qo‘shimcha qiladi u.

Shuningdek, maktabda o‘tiladigan ijtimoiy ogohlik fani ham o‘quvchilarga atrof-muhitni asrash va o‘zini unga daxldor deb his etishiga yordam beradi. 

Stadionni tozalagan yaponlar

Foto: Carl Court / Getty Images

Yaponlarning tozalik borasida boshqalarga o‘rnak bo‘lib, namuna ko‘rsatishlari ham ko‘pchilik turistlarda bu mamlakatga kelish ishtiyoqini oshiradi.

Misol uchun, yaponiyalik futbolchilar va futbol muxlislarini olaylik. 2014 yil Braziliyada va 2018 yil Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionatlarida Yaponiya milliy jamoasi muxlislari stadiondagi turli chiqindilarni, o‘yingohni hammadan keyin tark etgan, o‘yinchilar esa kiyinish xonasini tozalab ketib, butun dunyo jamoatchiligining olqishiga sazovor bo‘lgandi.

«Biz yaponlar o‘z imidjimizning boshqalar ko‘z o‘ngida qanday ko‘rinishiga o‘ta jiddiy e'tibor qaratamiz. Boshqalar xalqimiz haqida tozalikka o‘quvi yo‘q ekan, deb o‘ylashlarini xohlamaymiz», deydi Makio Avane.

Ko‘cha tozalash – uyat emas, kundalik odat

O‘zini Mangetsu-man (janob To‘lin oy) deb atovchi superqahramon ko‘chadagi chiqindilarni o‘zining 1-raqamli dushmani, supurgi va xokandozni esa asosiy quroli deb biladi.
Foto: Reuters / Issei Kato (2014 yil 25 avgust, Tokio)

Mamlakat madaniy hayotida ham shunga o‘xshash holatlarning guvohi bo‘lish mumkin. Masalan, Fuji Rok – yaponlarning eng qadimiy va eng yirik festivali. Bu musiqa festivalida odamlar chiqindilarni to maxsus quti topilguncha qo‘llarida ko‘tarib yurishadi.

Festival saytida ma'lumot berilishicha, chekuvchilarga o‘zlari bilan qo‘lda ko‘tarib yurish mumkin bo‘lgan maxsus kuldonlar olib yurishga da'vat etiladi. Maqsad – o‘z odati bilan boshqalarga iloji boricha zarar yetkazmaslik.

Bu kabi misollar ijtimoiy hayotda juda ko‘p uchraydi. Har kuni soat 08:00 atrofida ofis ishchilari, do‘kon xodimlari o‘zlarining ishxonasiga qarashli yerlarni tozalaydilar. Bolalardan iborat volontyor guruhlari esa maktablariga yaqin ko‘chalardagi chiqindilarni terib chiqishadi.

Qo‘shnilar ham doimiy ko‘cha tozalash tadbirlarini uyushtirib turishadi. Bunda ular o‘zlari yig‘gan chiqindilarni uylariga olib ketishadi.

Pul qo‘ldan qo‘lga berilmaydi

Yaponiya bankomatdan olinadigan pullar toza, kirsiz bo‘ladi. Ammo baribir puldan foydalanish davomida unga kir to‘planadi, shuning uchun ham uni qo‘lga tutqazish mumkin emas. Mehmonxona va do‘konlarda, hatto taksilarda ham pul solish uchun kichik qutichalar bo‘ladi. Birovga pul uzatmoqchi bo‘lgan kishi uni qutichaga soladi.

Yaponlar shamollasa

Ko‘zga ko‘rinmaydigan mikrob va viruslar ham alohida masala. Yaponlar grippga chalinganini bilsa yoki yo‘tal tutsa, boshqalarga yuqtirmaslik uchun darhol tibbiy niqob taqib olishadi. Mana shu oddiy harakat bilan ham ular boshqalarni tibbiy xarajat va ish vaqtining yo‘qolishidan saqlashga, qolaversa, virus yuqishidan himoya qilishga erishishadi.

Avane bu haqida shunday deydi: «Biz yaponlar o‘z dangasaligimiz va tashlagan chiqindilarimiz bilan boshqalarga noqulaylik tug‘dirishni xohlamaymiz».

Foto: Pan Kung / Shutterstock

Yaponiyada yashab ko‘rsangiz...

Agar siz ham Yaponiyada yashab ko‘rsangiz, qanday qilib tozalikka moslashib qolganingizni sezmay qolasiz. Jamoat joylarida burun qoqishdan tiyilishga, do‘kon va ofislardagi maxsus tozalagichlardan foydalanishga va chiqindilarni 10ta turda saralab tashlashga moslashib qolasiz.

Va xuddi Yaponiya aholisi singari hayotingiz sifati yaxshilanayotganiga guvoh bo‘lasiz.

O‘z yurtingizga qaytgach esa, yuzingizga qarab turib yo‘talayotgan yoki aksa urayotganlar sizni hayron qoldira boshlaydi. Kir oyoq kiyimlari bilan uyga kirib ketayotganlarga ham ko‘zingiz tushadi. Mana shu vaziyatda hafsalangiz qanaqa pir bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rishni o‘zingizga qoldiramiz.

Ko‘proq yangiliklar: