Jahon banki O‘zbekistonga qishloqlarni rivojlantirish uchun 100 mln dollar qarz beradi

O‘zbekiston 12:29 / 19.11.2019 9485

Jahon bankining ijrochi direktorlar kengashi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasidan (Jahon banki guruhiga kiruvchi tashkilot) O‘zbekiston hukumatiga 100 million dollar miqdorida qarz taqdim etish haqidagi qarorni ma'qulladi. Ushbu mablag‘lar «Obod qishloq» loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Loyihaning maqsadi qishloq joylardagi ijtimoiy infratuzilma va kommunal xizmatlarning sifatini yaxshilashdir, deb xabar berdi JBning Toshkentdagi vakolatxonasi.

Mahalliy fuqarolar yig‘inlari (mahallalar) loyiha mablag‘larini qaysi infratuzilma loyihalariga yo‘naltirishni mustaqil ravishda hal qiladi.

«Ushbu loyiha qishloq joylardagi odamlarga o‘z mahallalarida juda kerakli bo‘lgan ijtimoiy infratuzilma va kommunal xizmatlarni rivojlantirish uchun mablag‘ olishga yordam beradi», - dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. «Loyiha, shuningdek, qishloq aholisi, erkaklar va ayollar, keksa yoshdagi odamlar va yoshlarning kundalik hayotiga bevosita ta'sir ko‘rsatadigan masalalarni hal qilishda ishtirokini rag‘batlantirish orqali mahalliy hokimiyat va fuqarolar yig‘inlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi».

Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 300ga yaqin qishloq mablag‘ olishi mumkin.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ushbu loyiha bo‘yicha O‘zbekiston hukumatiga 82 million dollar miqdorida kredit shaklidagi qo‘shimcha moliyalashtirish taqdim etishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: