Ishsizlik nafaqasining miqdori oshadi

O‘zbekiston 11:51 / 19.11.2019 42029

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan yangi tahrirdagi “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan fraksiyalararo munozara o‘tkazildi.

Parlament saytida xabar qilinishicha, fraksiyalararo munozaradan ko‘zlangan asosiy maqsad mehnat munosabatlari bo‘yicha qonun hujjatlariga kiritilayotgan institutsional o‘zgarishlarni muhokama qilish va mutaxassislar, ekspertlar fikrlarini hisobga olgan holda, aholi bandligiga oid qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan yakdil to‘xtamga kelishdan iborat bo‘ldi.

Qonunni takomillashtirish orqali mamlakatda yangi barqaror ish o‘rinlarini yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar bandligini ta'minlash, fuqarolarni tadbirkorlikka keng jalb etish, milliy mehnat bozorida ishchi kuchi raqobatbardoshligini oshirish, band aholining malaka sifati va kasbiy darajasini oshirish borasidagi islohotlarni jadallashtirishning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, ayni paytda mehnat bozoridagi vaziyatni tubdan yaxshilash, mehnat munosabatlarini hozirgi zamon bozor iqtisodiyoti, investitsiya faolligini oshirish va ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish uchun “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahririni ishlab chiqish davr talabiga aylandi. Ya'ni, keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyati muayyan darajada o‘tgan yillarda shakllangan qonunchilik bazasini tubdan o‘zgartirishni, shuningdek, norma ijodkorligi jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda.

Shuning uchun ham bugungi huquq amaliyoti ushbu yo‘nalishdagi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq, alohida qonunchilik va qonunosti hujjatlari orqali tartibga solishdan voz kechgan holda, yo‘naltirilgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ta'sirchan qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish amaliyotiga o‘tishga mo‘ljallangan. Bu esa, huquqiy ziddiyatlar, nomutanosibliklar, huquqni normalarini turlicha talqin qilish kabi holatlarga va murakkabliklarga barham beradi.

Mazkur qonun loyihasi joriy yil 22 oktabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar tomonidan konseptual jihatdan ma'qullangandi. Aholi bandligi sohasidagi tub ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy o‘zgarishlarni qonun amaliyoti bilan mustahkamlash orqali keskin jadallashtirish yo‘nalishlari deputatlar korpusi tomonidan qo‘llab-quvvatlangandi. Qo‘mita tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan yangi tahrirdagi mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishdan keyin o‘tgan qisqa davr ichida siyosiy partiya fraksiyalari, deputatlar, ekspertlar, ish beruvchilar va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda takomillashtirildi.

“Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahririda “ish bilan ta'minlash” tushunchasini “aholi bandligi” tushunchasi bilan almashtirib, “Aholi bandligini ta'minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi tartibida ko‘rib chiqish taklifi inobatga olindi.

Qonun loyihasida aholining butun umr davomida uzluksiz ta'lim olishi g‘oyasini ishsiz aholiga yuksak milliy va xalqaro standartlar asosida, ayniqsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida yaratilayotgan kasb-hunar markazlarida o‘qitish orqali ta'minlash huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Bu o‘rinda ishsizlar uchun stipendiyalar miqdorining ish haqining eng kam miqdori bazasida keskin oshirilayotgani, ishsizlarni kasbga o‘rgatish jarayonining takomillashtirilayotgani va ishchi kuchi sifatini sertifikatlashning qonunchilik amaliyoti joriy etilayotganini ta'kidlash zarur.

Qonun loyihasida ishsizlarni kuchli ijtimoiy himoya qilishning muhim tadbirlari, xususan, ishsizlik nafaqasi miqdorini, aholi bandligini faollashtirish va uning samarasini oshirishni davlat tomonidan moliyalashtirishni keskin ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘plab yangi moddalar kiritilgan bo‘lib, ulardan maqsad — aholi bandligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash samaradorligini tubdan o‘zgartirish, fuqarolarning ish bilan bandligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatda professional mehnat bozorini shakllantirish yo‘li bilan kuchli ijtimoiy muhofazani ta'minlashdan iborat, deyiladi xabarda.

Yig‘ilish yakunida qo‘mitaning yangi tahrirdagi mazkur qonun loyihasini yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli taklif va tavsiyalari ishlab chiqildi.

Ko‘proq yangiliklar: