Aktrisa Gavhar Sharipova vafot etdi

Jamiyat 16:25 / 19.11.2019 216897

O‘zbek kinosining yosh vakillaridan biri, aktrisa Gavhar Sharipova 18 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida yuz bergan avtohalokat natijasida vafot etdi.

“O‘zbekkino” xabar berishicha, ayni paytda huquq-tartibot idoralari tomonidan hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda. 

Gavhar Sharipova 1980 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent Davlat san'at instituti (hozirgi O‘zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti)ni  drama-teatr va kino aktyorligi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat ko‘rsatgan. G.Lessingning “Donishmand Natan” spektaklida Rexa rolini mahorat bilan ijro etgan. 

Gavhar o‘zbek kinosida ham o‘zining bir qator takrorlanmas obrazlari bilan tomoshabinlar yodida qoldi. “Alpomish” (2001) filmida Qaldirg‘och, “Aldangan ayol” (2011) filmida Mastura, “Opa-singillar” (2010) teleserialida Nafisa singari qahramonlarni gavdalantirdi. U qator filmlarga ovoz berib, dublyaj san'atida ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi. 

U nafaqat aktrisa, balki shoira ham bo‘lib, she'rlar yozgan, uning she'rlari bir necha xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib kuylangan.

Kun.uz marhumaning yaqinlariga ta'ziya bildiradi.

Ko‘proq yangiliklar: