Turkmanistonlik politsiyachilar va bojxonachilar O‘zbekiston bilan chegara punktida o‘zaro mushtlashib ketdi

Jahon 10:39 / 18.11.2019 94541

Joriy yilning 16 noyabr kuni Turkmanistonning Dashoguz viloyati aholisi chegaradan O‘zbekistonga o‘tadigan Shovot o‘tkazish punktida turkman politsiyasi va bojxonachilari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Ularni ajratish uchun mamlakat Milliy xavfsizlik vazirligi mintaqaviy boshqarmasi xodimlari yetib kelishgan.

«Xronika Turkmenistana» xabariga ko‘ra, har kuni chegaradan o‘tish joyining Turkmaniston tomonida bir necha yuzlab kishi to‘planadi. Navbatda turmaslik uchun odamlar tanish politsiyachilarni qidiradi yoki pul evaziga olib o‘tish borasida kelishishga harakat qiladi.

Bu safar odamlar odatdagidan ko‘proq bo‘lganligi sababli, avvaliga navbatda turgan kishilar hamda navbatdan tashqari o‘tib ketmoqchi bo‘lganlar o‘rtasida, so‘ng politsiyachilar va bojxonachilar o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Politsiyachilar (6-8 kishi) bojxona xodimlari juda sekin ishlayotganini aytishgan, bojxonachilar esa politsiya tartibbuzarlik keltirib chiqarish emas, balki tartibni nazorat qilish bilan shug‘ullanishi lozimligini bildirishgan.

Ish mushtlashuvgacha borib yetdi. Qo‘mondonlar mojaroni hal qila olishmadi va Milliy xavfsizlik vazirligi vakili o‘z hamkasblarini chaqirdi. Shundan keyingina maxsus xizmatlar xodimlari ajratilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mojaro va undan keyin yuz bergan mushtlashuv natijasida nazorat-o‘tkazish punkti ishi to‘xtatilgan. 50dan oshiq kishi chegarani kesib o‘tolmadi va o‘tish joyida tunab qoldi. 

Ko‘proq yangiliklar: