Qozog‘iston Nazarboyevning Putin va Zelenskiy haqidagi bayonotini rad etib chiqdi

Jahon 12:39 / 18.11.2019 33548

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin hamda Vladimir Zelenskiy o‘rtasida respublikada muzokaralar o‘tkazilishi bo‘yicha rasmiy taklifnomalar yubormagan. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi 18 noyabr kuni jurnalistlarga bergan bayonotida aytib o‘tdi.

Uning aniqlik kiritishicha, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus ekspertlar darajasidagi munozaralarni o‘z ichiga oladi. Bu haqda TASS yozmoqda.

«Yo‘q, rasmiy hujjatlar bo‘lmagan», - dedi Tleuberdi TIV Rossiya va Ukraina prezidentlarining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan uchrashuvi borasida hujjatlar yuborgani haqidagi savolga javob qaytarib.

«Siz tushunishingiz kerakki, Elboshi (Nursulton Nazarboyev) bu haqda «Astana klubi»da gapirdi, «Astana klubi» esa bu shunchaki muhokama qilinadigan mavzu ekanligini anglatadi. Ya'ni, bu rasmiy taklif yoki rasmiy pozitsiya emas», - deya tushuntirdi vazir.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgani haqida aytgandi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti bunga rozi bo‘lgan, Rossiya rahbari esa ko‘nmagan.

«Men janob Zelenskiy bilan uchrashdim va uni eshitdim. Kuni kecha Putin bilan gaplashdim. Menimcha, Rossiya va Ukraina prezidentlarining alohida uchrashuvini tashkillashtirish kerak. Faqat shundagina muammoga yechim topsa bo‘ladi. Sababi, bu boshqa davlatlar bilan emas, balki ikki davlat o‘rtasida hal qilinishi kerak. Ular boshqa bir sababga ko‘ra aralashmoqda. Men shunchaki yuzma-yuz uchrashish imkoniyati haqida gapirdim», - deya Nazarboyevning so‘zlarini keltirgan Zakon.kz.

Ko‘proq yangiliklar: