«O‘zgidromet» 2019 yil kuzining agrometeorologik sharoitlari sharhini e'lon qildi

O‘zbekiston 17:22 / 18.11.2019 15953

2019 yil sentabr-oktabr oylarida ekilgan hosilning yetilishi va uni yig‘ib olish uchun juda qulay sharoitlar yuzaga keldi, deb yozmoqda «O‘zgidromet».

Qayd etilishicha, joriy yil kuz ob-havosining ilk belgilari juda kech — noyabr boshlarida namoyon bo‘ldi.

Birinchi kuzgi ayozlar respublikaning katta qismida 6-7 noyabrda, Qoraqalpog‘istonda oktyabrning oxirida kuzatildi. Biroq kunduzi harorat 13-18 darajagacha, ayrim kunlarda hatto 20-25 darajagacha ko‘tarildi.

Noyabrning o‘tgan qismi asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ldi. Faqat noyabrning birinchi besh kunligida respublikaning ayrim joylarida yog‘ingarchilik bo‘ldi — asosan yomg‘ir ko‘rinishida, faqat respublikaning tog‘li tumanlari va Qoraqalpog‘iston shimolida birinchi qor yoqqani qayd etildi.

Noyabr oyining o‘tgan davridagi agrometeorologik sharoitlar hosilni yig‘ib olish uchun qulay kelgan. Qulay harorat va kuzgi bug‘doyning o‘z vaqtida sug‘orilishi ularning bir tekis unib chiqishi va rivojlanishini ta'minlagan. Cho‘l yaylovlarida quruq ob-havo tufayli yaylov o‘simliklarining kuzgi rivojlanishi kuzatilmagan.

21-24 noyabrda O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo oqimi kirib keladi. Vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘ladi (yomg‘ir, ayrim joylarda qorga aylanadi). Respublika hududi bo‘yicha havo harorati kechasi 0-5 daraja sovuq, ayrim joylarda 8 daraja sovuqqacha tushadi, kunduzi harorat 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha bo‘ladi. Mamlakat shimolida harorat kechasi 10-15 daraja sovuq, kunduzi 2-7 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.

Kutilayotgan agrometeorologik sharoitlar mevali o‘simliklar, uzum, tut daraxtlarining uyquga ketishini ta'minlaydi, kuzgi bug‘doy vegetatsiyasini yakunlaydi, deyiladi ma'lumotda. 

Ko‘proq yangiliklar: