Davlat mulki obektlarini sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi

O‘zbekiston 08:08 / 18.11.2019 3240

O‘zbekistonda davlat mulki obektlarini sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi. Bu haqda prezidentning muhokama uchun e'lon qilingan tegishli qarori loyihasida aytilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tuman (shahar) hokimlariga o‘zlarining bo‘ysunuvidagi hududda joylashgan umumiy egallagan maydoni 1000 kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat mulki obektlarni (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi PF-5552-sonli Farmonining 4-bandida ko‘rsatilgan obektlar bundan mustasno) ularni baholamasdan, 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narxda «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish orqali investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda o‘rnatilgan tartibda sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqini berish orqali davlat mulki obektlarini sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish haqidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha:

davlat mulki obektlarini sotish bo‘yicha tushgan takliflar va buyurtmanomalar tegishli ravishda tuman (shahar) hokimning investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va kichik sanoat zonalari, turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari boshqaradigan hamda tarkibiga tuman (shahar) moliya, iqtisodiyot, qurilish, savdo-sanoat palatasi bo‘limlari, yer tuzish ko‘chmas mulk kadastri korxonalari va tuman (shahar) Davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbarlari kiradigan tanlov komissiyalari (tuman tanlov komissiyasi) tomonidan ko‘rib chiqiladi;

tuman tanlov komissiyalari o‘z faoliyatini Hududiy tanlov komissiyalari tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan reglamentga muvofiq amalga oshiradi;

tuman (shahar) hokimlarining bo‘sh turgan davlat mulki obektlarni sotish to‘g‘risidagi qarorlari hamda ushbu qarorlarga asosan sotilishi belgilangan obektlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar obektlarni belgilangan tartibda elektron auksion savdolariga chiqarish uchun bir kunlik muddatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalariga taqdim etiladi;

eksperiment 2020 yilning 1 iyuliga qadar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi “Davlat mulki obektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3067-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi 2020 yilning 1 iyuliga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga eksperiment o‘tkazish natijalari bo‘yicha umumlashtirilgan ma'lumotlarni qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflar bilan birgalikda kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: