Namangan shahri hokimining uch nafar o‘rinbosari almashdi

O‘zbekiston 13:30 / 17.11.2019 15901

Namangan shahar hokimligi apparatida muhim lavozim o‘zgarishlari yuz berdi. Shahar hokimligining telegramdagi kanalida xabar qilinishicha, shahar hokimining uch nafar o‘rinbosari almashgan.

Jumladan, Muzaffar Abdullayev Namangan shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Muzaffar Abdullayev

Muzaffar Abdullayev 1984 yilda Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilgan. 2006 yilda Namangan davlat universitetini tamomlagan.

2009—2017 yillarda Namangan viloyat moliya boshqarmasida bosh iqtisodchi, sektor mudiri, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida ishlagan. 2017—2019 yillarda Namangan shahar moliya bo‘limi mudiri bo‘lgan.

U 2019 yildan hozirga qadar Namangan shahar hokimining o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimini Ayubxon Bobomirzayev egalladi.

Ayubxon Bobomirzayev

Ayubxon Bobomirzayev 1971 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1993 yilda Namangan sanoat-texnologiya instituti, 2003 yilda Namangan muhandislik-pedagogika instituti va 2005 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. 

U 2018 yildan shu paytga qadar shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Uning o‘rniga Namangan shahri hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Jobir Abdullayev tayinlandi.

Jobir Abdullayev

Jobir Abdullayev 1984 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 2005 va 2008 yillarda Namangan muhandislik-pedagogika institutini muhandis-quruvchi va muhandis-energetik yo‘nalishlarida tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2006 yilda «Namangan elektr tarmoqlari» OAJda elektromontyorlikdan boshlagan. 2008—2010 yillarda shu jamiyatda muhandis, yetakchi muhandis bo‘lib ishlagan.

2010—2013 yillarda Namangan tumani elektr ta'minoti korxonasi boshlig‘i bo‘lgan.

U 2013 yildan hozirgacha Namangan shahridagi «Istiqbol» elektr ta'minoti korxonasi boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: