Bosh prokuratura jurnalistlarga tahdidlar yangragan audio bo‘yicha o‘rganish boshladi, Toshkent shahri hokimligida ham ishchi guruh tuzildi

O‘zbekiston 15:30 / 17.11.2019 55335

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni haqoratlagan va tahdid qilgan audiosi yuzasidan munosabat bildirdi.

«Bosh prokuratura tomonidan Internet nashrlarida va ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda. 

O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati ham telegramdagi sahifasida ushbu ish bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini ma'lum qilgan.

«Joriy yilning 16 – noyabr kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi sifatida tarqatilgan audioyozuv jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.

Hozirda ushbu masalaga oydinlik kiritish va har tomonlama o‘rganish maqsadida mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot beriladi», deyiladi hokimlik xabarida.

16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni yo‘q qilish tahdidi aks etgan audioyozuvi tarqaldi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi birinchilardan bo‘lib ushbu audioyozuvga munosabat bildirdi va bu holatni inson huquqlari va uning sha'ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblab, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasidan ushbu holat yuzasidan himoyaviy chora ko‘rilishini so‘radi. 

Xalq demokratik partiyasi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga tahdidini xalq va davlatga hurmatsizlik deb baholadi.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov feysbukdagi sahifasida kun mavzusi yuzasidan munosabat bildirib, audioyozuv haqiqiyligi isbotlanmaguncha ushbu vaziyatga izoh berish noto‘g‘riligini aytib o‘tdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi audioyozuv bo‘yicha o‘rganish olib borilayotgani hamda o‘rganish natijasida tegishli choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ham Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq audioyozuv bo‘yicha huquq-tartibot idoralari o‘z xulosalarini bildirishi kerakligini bildirib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: