«Adolat» partiyasi jurnalistlarga tahdid qilgan Jahongir Ortiqxo‘jayevga qonuniy chora ko‘rilishini so‘radi

O‘zbekiston 08:20 / 17.11.2019 66853

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni haqoratlagan va tahdid qilgan audiosi yuzasidan munosabat bildirdi.

«Adolat» partiyasi hokimning bu so‘zlari inson huquqlari va uning sha'ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblashini ma'lum qilgan. Bayonotda OAVni rag‘batlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganda ayrim rahbarlar, xususan, ijro hokimiyati mutasaddilari ushbu kasb vakillariga nisbatan bunday munosabatda bo‘lishi kishini jiddiy o‘ylantirishi aytib o‘tilgan.

«Nega ba'zi mansabdorlar o‘z faoliyatida OAVga suyanishning o‘rniga bepisandlik bilan yondashmoqda? Nima sababdan avvalgi ba'zi mutasaddilarning «xurmacha» qiliqlaridan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev to‘g‘ri saboq chiqarmadi? Hokimning og‘zidan yangragan so‘zlar nafaqat jurnalist yoki bloger, balki eshitgan har bir quloq uchun og‘ir botadi. Inson huquqlari ustuvor jamiyatda bu holatni qanday hazm qilish mumkin?

Ushbu holatga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan himoyaviy chora kutib qolamiz.

Shuningdek, jurnalist va blogerlarni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ijrosini ta'minlanishidagi hissasini hamda jamiyatimizda adolatni o‘rnatishdagi faolligini e'tirof etgan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat'iy chora ko‘rilishini so‘raymiz», – deyiladi bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: