Ta'mirlanadigan aeroport, xorijdan reyslar, «Oltin uchburchak» va «Anor markazi»: prezident Surxondaryo bo‘yicha qaror qabul qiladi

O‘zbekiston 15:53 / 16.11.2019 29446

Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi. Prezidentning tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Surxondaryo viloyatida 2020 yilda turizmni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Surxondaryo viloyatining transport infratuzilma holatini tubdan takomillashtirish maqsadida “Termiz” xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagini ta'mirlash ishlarini boshlaydi holda 2020 yilning 1 apreliga qadar yakunlash choralarini ko‘radi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xorijiy mamlakatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha doimiy ravishda targ‘ibot ishlarini olib borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligining “City Tour” prinsiplari asosida Termiz-Sariosiyo-Denov-Boysun-Sherobod-Termiz yo‘nalishi bo‘ylab 2020 yilning mart oyidan boshlab turizm sinfidagi avtobuslarning muntazam qatnovini yo‘lga qo‘yish orqali “Oltin uchburchak” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflari ma'qullanadi hamda loyihani amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi muntazam avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha turoperatorlar, mehmonxonalar, gidlar va boshqa turizm sohasi vakillari o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari olib borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi Turkiyaning “IdealIst” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Boysun tumanidagi “Zovboshi” turistik zonasining master rejasi ma'qullanadi hamda turizm obektlarini qurish yuzasidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5781-sonli Farmoniga asosan, Turizmni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash vakolatlari doirasida Boysun tumanidagi “Zovboshi” turistik zonasiga investorlarni jalb qilgan holda, loyihalarni amalga oshirish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “MICE” turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflariga rozilik beriladi:

viloyatda turli tadbirlar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan obektlarning ro‘yxatlari hamda ular tomonidan yaratilgan sharoitlar to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlarni shakllantirilishi va vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yetkazilishi;

Surxondaryo viloyatida quriladigan mehmonxonalar, katta anjuman saroylari va turli obektlar rahbarlariga “MICE” turizmi yo‘nalishida tushunchalar berib uchrashuvlar, korporativ marosimlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalar o‘tkazishga mo‘ljallangan infratuzilma obektlarini qurishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berib boradi.

Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan har yili kamida bir marotaba o‘zlari tomonidan tashkillashtiriladigan turli xil tadbirlarni (forum, seminar, konferensiya va boshqalar) Surxondaryo viloyatida o‘tkazish bo‘yicha ma'lumotlarni 2020 yilning 1 yanvariga qadar tadbirlar ro‘yxatini shakllantirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligining Termiz tumanida joylashgan “Termiz kargo” logistika markazi hududiga kirishda viloyatning qo‘shni mamlakatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligining Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turli xususiy klinikalar tajribalaridan kelib chiqqan holda, “Termiz kargo” logistika markazi hududida viloyatning qo‘shni mamlakatlari fuqarolari uchun turli ixtisoslikdagi kasalliklarga tashxis qo‘yuvchi va davolovchi kamida 10 ta 5 qavatdan iborat zamonaviy klinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va tibbiyot turizmini rivojlantirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi hamda amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlanadi.

Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan qo‘shni davlatlar aholisining Surxondaryo viloyatiga madaniy hordiq va ta'lim olish doirasida kelishini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Surxondaryo viloyatida “Yaponiya ilmiy-amaliy” markazini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda turoperatorlarni jalb qilgan holda xorijiy turistlar uchun maxsus “Surxon ipagi” turizm dasturlarini yo‘lga qo‘yish, turistlarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishtirish, ipak muzeylariga tashriflarni uyushtirish, “Show Room” tashkil etish va ular bilan bog‘liq boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yish kabilarni ko‘zda tutuvchi amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Sherobod tumanida M-39 yo‘nalishi bo‘ylab tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan anorni yetishtirish, anor va uning po‘stlog‘idan turli sharbat va shifobaxsh ichimliklar tayyorlash, anorni qadoqlash kabi jarayonlarni namoyish etuvchi “Anor markazi”ni barpo etish bo‘yicha takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritadilar.

Uzumchilikni rivojlantirish agentligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Oltinsoy tumanida joylashgan agrofirmada xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, turizm yo‘nalishini tashkil qilish bo‘yicha alohida konsepsiya va chora-tadbirlar ishlab chiqilishini va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ushbu tumanda joylashgan “Xo‘jaipok” va “Vaxshivor” hududlarini turistlar tashrif maskaniga aylantirish bo‘yicha tegishli shart-sharoitlarni yaratish orqali turizm yo‘nalishiga kiritilishini ta'minlaydilar.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Boysun tumanidagi “Omonxona”, Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” va Oltinsoy tumanidagi “Xo‘jaipok” qishloqlarini va Sherobod tumanidagi Chorbog‘ mahallasidagi “Tuz kon” majmuasini turistlar tashrif maskanlariga aylanib borayotganligidan kelib chiqib, Qo‘mitaning tegishli reyestriga kiritilishi hamda ushbu qishloqlarga “Turizm qishlog‘i” va “Turizm mahallasi” maqomi berilishini ta'minlagan holda, xorijiy turistlar o‘rtasida keng targ‘ibot ishlarini olib boradi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, ushbu turizm qishloqlari va turizm mahallasini 2020 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilishini ta'minlaydi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi bilan birgalikda doimiy ravishda “Xalqaro Kann” va “Berlin” kino festivallari hamda AQShning “Location-Expo” va Buyuk Britaniyaning “FOCUS” kinolokatsiya festivallari va yarmarkalarida Surxondaryo viloyatining jozibador hududlarini keng targ‘ib qilinishini hamda hududda video mahsulotlari tasvirga olinishini ta'minlaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda tashabbuskorlarni aniqlagan holda So‘fi Olloyor, Mavlono Muhammad Zohid va Xo‘jaypok ota ziyoratgohlarining infratuzilmasini shakllantirish, obodonlashtirish (avtoturargoh, tahoratxona, namozxona, milliy taomlar oshxonasi, ayvonchalar va so‘rilar), hunarmandchilik mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan suvenir do‘konlarini tashkil etish va ziyoratgohlar tarixini biluvchi bilimdon ekskursovodlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda targ‘ibot materiallarini ko‘paytirish orqali xizmat ko‘rsatishni yaxshilash choralarini ko‘radilar.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur hududlarni turistik yo‘nalishlariga kiritilishini hamda doimiy ravishda turoperatorlar va ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ibot qilib borilishini ta'minlaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Madaniyat vazirligi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda Denov shahridagi “Said otaliq” madrasasini saqlab qolish va uning infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida, mahorat darslari o‘tkazish va “Show Room”larni o‘z ichiga oluvchi hunarmandlar markaziga aylantirish choralarini ko‘radilar.

Fanlar akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda Surxondaryo viloyatida Naqshbandiya tariqati izdoshlari bo‘lgan Alovuddin Attor va Xo‘ja Muhammad Zohidlarning ziyoratgohlariga musulmon davlatlaridan ziyoratchi turistlarni jalb qilish maqsadida, ushbu allomalar haqidagi mavjud xorij adabiyotlarining ro‘yxatini shakllantirib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xulosasi asosida o‘zbek tiliga tarjima qilinishini hamda mahalliy din vakillari, turoperatorlar, gidlar va boshqa manfaatdor tomonlarga tarqatilishi ta'minlaydi.

“Hunarmand” uyushmasi viloyatda suvenir mahsulotlarining turlarini diversifikatsiya qilish va ishlab chiqarish turlarini, xususan tarixiy-madaniy va arxeologiya, islom ziyorati, ekologiya, buddizm obektlari, gastronomik va boshqa turizm turlarini aks ettiruvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishini ta'minlaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda Muzrabot tumani “Kampirtepa” hududida joylashgan Amudaryo qirg‘og‘i bo‘yidagi Iskandar Maqduniy qal'asida turizm markazini hamda tumanning “Navbahor” hududidagi “Muzrabot ota” ziyoratgohida ziyorat turizmi markazini tashkil etilishini ta'minlaydilar.

Surxondaryo viloyati Oks Aleksandriyasi (Kampirtepa) arxeologik yodgorligi infratuzilmasini rivojlantirish hamda ushbu obektni turistlar tashrif buyuradigan maskanga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida joylashgan “Dalvarzintepa” yodgorligi hududini obodonlashtirish, infratuzilma holatini takomillashtirish va sayyohlar tashrif maskaniga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Surxondaryo viloyat xokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan “Surxon-tog‘ o‘rmon” qo‘riqxonasi hududida joylashgan Zarautsoy qoyatosh suratlari hududi zonasining xaritasini ishlab chiqadi va ushbu xaritada belgilangan zonaga milliy bog‘ maqomi beriladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qoyatoshlardagi bitiklarni saqlab qolish va yosh avlodga keng tanitish maqsadida “Zarautsoy” tarixi haqida chop etilgan kitoblarni saralash va ularni yangidan chop etilishini ta'minlaydilar.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ishchi guruh tashkil qilgan holda, mahalliy tadbirkorlar tomonidan Sariosiyo tumanining tog‘li “Navro‘zdara” hududida dam olish maskani barpo etish masalasini o‘rganib chiqib, aniq takliflar tayyorlanishi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini ta'minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga 2020-2025 yillar uchun Surxondaryo viloyatida ekoturizmni rivojlantirish, ekoturizm obektlarini turizm maskanlariga aylantirish orqali aholi daromadlarini oshirish va hududning turizm salohiyatini targ‘ib etish chora-tadbirlarini amalga oshirish maqsadida “Zarautsoy” jamoatchilik markazi va shu kabi boshqa jamoat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtmalar berish tavsiya etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: