Surxondaryo viloyati sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi

O‘zbekiston 14:35 / 16.11.2019 3937

Surxondaryo viloyatining sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

a) Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Qumqo‘rg‘on ta'mirlash mexanika zavodi” mas'uliyati cheklangan jamiyatining ustav fondidagi 25 foiz davlat ulushini “Surxon Kombinat” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali “nol” xarid qiymatida sotish;

b) “O‘zbekneftgaz” AJning Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida joylashgan “Sho‘rtan neftgaz tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyatidagi ulushini keyinchalik belgilangan tartibda sotish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha:

a) “Surxon Kombinat” MChJ quyidagi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajarishni o‘z zimmasiga oladi:

ikki yil davomida kamida 35,0 mlrd. so‘m miqdorida investitsiyalar kiritgan holda, ip-kalavani bo‘yash, trikotaj mato sochiq ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish;

kamida 300 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish;

b) “O‘zbekneftgaz” AJning “Sho‘rtan neftgaz tekstil” MChJdagi ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga “O‘zbekneftgaz” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini “Sho‘rtan neftgaz tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav kapitali miqdorida kamaytirish hisobiga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

a) Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda:

ko‘rsatilgan shartlarda “Surxon Kombinat” MChJ bilan davlat ulushini “nol” xarid qiymatida sotish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi tuzilishini;

“Surxon Kombinat” MChJ tomonidan qabul qilinadigan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi yuzasidan monitoring olib borilishini ta'minlaydilar;

b) “O‘zbekneftgaz” AJning “Sho‘rtan neftgaz tekstil” MChJdagi ulushini Agentlikka o‘tkazadi va uni belgilangan tartibda savdolarga chiqarilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 sentyabrdagi “Past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlarni jadal realizatsiya qilish va tugatish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 800-sonli qarorini 1-ilovasining 49-pozitsiyasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 apreldagi “2017-2018 yillarda Surxondaryo viloyatida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish loyihalarining ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 182-sonli qarorining 10-bandida Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Ibn Sino ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan temir yo‘l shifoxonasining ma'muriy va qorovulxona binosiga 2018 yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar 16,0 mlrd. so‘m investitsiya kiritish orqali obektda zamonaviy elektrotexnika vositalari, shu jumladan televizorlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda 80 ta yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan “Termiz kanselyariya mollari” MChJga “nol” xarid qiymatda sotilishi belgilangan;

Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi va “Termiz kanselyariya mollari” MChJ o‘rtasida hamda Termiz shahar hokimligi ishtirokida 2017 yil 10 aprelda 350-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan;

“Termiz kanselyariya mollari” MChJ tomonidan bugungi kunda obektda zamonaviy texnologiyalar asosida tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 apreldagi 182-sonli qarorining 10-bandi ikkinchi xatboshidagi “Bunda, obektda zamonaviy elektrotexnika vositalari, shu jumladan televizorlar ishlab chiqarish va obektni 2018 yilning ikkinchi choragida ishga tushirish belgilab qo‘yilsin” so‘zlari “Bunda, obektda zamonaviy texnologiyalar asosida tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini 2019 yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirish belgilab qo‘yilsin” so‘zlari bilan almashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: