O‘zbekiston va JAR tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatiladi

O‘zbekiston 12:12 / 16.11.2019 2176

O‘zbekiston delegatsiyasining Harakatlanuvchi qurilmalarga nisbatan xalqaro kafolatlar to‘g‘risidagi Keyptaun Konvensiyasiga 4-Bayonnomani qabul qilish bo‘yicha Diplomatik konferensiyada ishtiroki doirasida Pretoriya shahrida O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy va boshqa masalalari yuzasidan vazirliklararo maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

JAR TIV delegatsiyasiga Osiyo va Yaqin Sharq departamenti direktori vazifasini bajaruvchi Terri Govender boshchilik qildi.

Ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini birinchi galda bazaviy bitimlarni tuzishga urg‘u bergan holda bosqichma-bosqich tashkil etishga kelishib olindi.

Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi Bayonnoma loyihasi kelishib olindi, investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish, ikki yoqlama soliqqa tortishdan qochish, bojxona ishlarida hamkorlik sohalarida hukumatlararo bitimlar loyihalarini ishlab chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va ularning hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston va JARda o‘tkazilayotgan savdo-sanoat yarmarkalari, ko‘rgazmalar va biznes-forumlar to‘g‘risida muntazam axborot almashib turishga kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: