«Davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki maksimal darajada qisqaradi» – Bekenov xususiylashtirish strategiyasi haqida

Iqtisodiyot 18:08 / 16.11.2019 5621

15 noyabr kuni Toshkentda «O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojida kapital bozorining o‘rni» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya davomida so‘zgan chiqqan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov xususiylashtirish bo‘yicha prezident tomonidan topshiriq bo‘lgani haqida gapirib o‘tdi.

«Biz faol xususiylashtirishni maqsad qilganmiz. Davlat ulushini saqlash zaruriyati bo‘lmagan korxonalardan qisqa muddatlarda chiqish bo‘yicha prezident tomonidan berilgan topshiriq mavjud.

Hozirda chiqarilayotgan aksiyalarning nominal qiymatlariga qaraydigan bo‘lsangiz, ularning 80 foizi davlat ixtiyorida bo‘lgan korxonalarning aksiyalari. Aksiyalarning mayda paketlarini kapital bozori orqali bozorga chiqaramiz. Tabiiyki, rivojlangan kapital bozori bo‘lmasa, ularni sota olmaymiz», – dedi u.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, agentlik rahbari mamlakatda xususiylashtirish strategiyasi tayyorlanayotgani haqida ham ma’lumot bergan.

«Hozirda xususiylashtirish strategiyasini tayyorlayapmiz. [Uni tayyorlash] 1 fevralgacha yakunlanadi. Unda qayerda davlatning katta ulushini saqlab qolishimiz, qayerda umuman ishtirok etmasligimiz aniq ko‘rsatib o‘tiladi.

Prezidentning topshiriqlariga muvofiq, agentlik pozitsiyasi shundan iboratki, biz iqtisodiyotda ishtirok etishdan maksimal darajada chiqamiz. Shu sababli aksiyalarning yetarli darajadagi paketini chiqaramiz.

Birinchi natija – 20ta korxonani IPO'ga tayyorlayapmiz. Ya’ni biz strategiya ishlab chiqilishini kutmaymiz. Biz qayerda kerak emasligimizni aniq bilamiz», – dedi Bekenov.

«Bozor bizga aksiyalar narxini shakllantirish uchun ham kerak. Afsuski, bugungi kunda aksiyalarning bozor narxi shakllanmagan. Chunki bozorning o‘zi hali rivojlanmagan», – deya qo‘shimcha qildi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori.

Ko‘proq yangiliklar: