Yangicha tartib: soliqchilar soliq nazorati tadbirini videotasvirga oladi

O‘zbekiston 08:05 / 15.11.2019 16208

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi o‘rnatiladi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, soliq organi tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida o‘tkaziladigan soliq nazorati jarayonini qayd etish maqsadida, dalillarni qayd etish uchun bayonnoma tuzish bilan bir qatorda nazorat tadbiri jarayoni videotasvirga olinadi.

Soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirida soliq to‘lovchilarga qarashli muayyan tartibga bo‘ysunuvchi obektlarni videotasvirga olish qonunchilikda taqiqlanmagan hollarda amalga oshiriladi.

Soliq organi tomonidan soliq to‘lovchi to‘g‘risida olingan har qanday ma'lumot soliq sirini tashkil etadi (qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno). Soliq organiga kelib tushgan, soliq sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar saqlash va foydalanishning maxsus rejimiga ega bo‘ladi.

Nazorat tadbirini videotasvirga olish jarayonida soliq to‘lovchilar va ularning vakillari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) soliq to‘lovchi va uning vakillarining huquqlari:

soliq organining nazorat tadbiri o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishish;

nazorat tadbiri yakuni bo‘yicha olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa olish;

soliq organi mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;

soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbiri jarayonini videotasvirga olish.

b) soliq to‘lovchi va uning vakillarining majburiyatlari:

nazorat tadbirini soliq organi tomonidan videotasvirga olish uchun sharoit yaratish;

soliq organi mansabdor shaxslarining nazorat tadbirini videotasvirga olishiga to‘sqinlik qilmaslik;

soliq organi xodimlarining talabiga ko‘ra nazorat tadbiri yakuni bo‘yicha olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa berish;

videotasvirga olingan nazorat tadbir jarayonini soliq organining ruxsatisiz ommaviy axborot vositalarida hamda internet tarmoqlarida oshkor etmaslik.

Videotasvirga olish jarayonida soliq organining mansabdor shaxslari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) soliq organi mansabdor shaxslarining huquqlari:

soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbiri jarayonini soliq to‘lovchi yoki uning vakillari va boshqa shaxslar ishtirokida videotasvirga olish;

soliq to‘lovchidan videotasvirga olish jarayonining to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan holatlarni bartaraf etishni talab qilish;

nazorat tadbiri yakuni bo‘yicha soliq to‘lovchi va uning vakillari tomonidan olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa olish;

b) soliq organi mansabdor shaxslarining majburiyatlari:

nazorat tadbiri jarayonida soliq to‘lovchiga yoki uning vakillariga videotasvir bilan bog‘liq huquq va majburiyatlarini tushuntirish;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillarining talabiga ko‘ra soliq nazorati tadbiri yakuni bo‘yicha olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa berish;

soliq to‘lovchi va uning faoliyatiga aloqador axborotlarni boshqa shaxslarga oshkor etmaslik, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;

soliq to‘lovchi va uning vakillarining nazorat tadbirini videotasvirga olishiga to‘sqinlik qilmaslik.

Videotasvirga olish jarayoni ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslar quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) videotasvirga olish jarayoni ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslarning huquqlari:

videotasvirga olinishi jarayonining sabablari bilan tanishish;

videotasvirga olinishi yuzasidan e'tirozlarini bildirish.

b) videotasvirga olish jarayoni ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslarning majburiyatlari:

soliq organi mansabdor shaxslarining nazorat tadbirini videotasvirga olishiga to‘sqinlik qilmaslik;

nazorat tadbiri jarayonida o‘ziga ma'lum bo‘lgan soliq to‘lovchi va uning faoliyatiga aloqador axborotlarni boshqa shaxslarga oshkor etmaslik, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.

Nazorat tadbirlari jarayonini videotasvirga olish soliq organining nazorat tadbiri o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Soliq organi tomonidan quyidagi nazorat tadbirlarining videotasvirga olinishiga yo‘l qo‘yiladi:

belgilangan tartibda soliq tekshiruvlari o‘tkazilayotganda;

davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan, kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarni muomalaga kiritish holatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida;

yashirin ishlab chiqarish sexlar, tovarlarni noqonuniy saqlash uchun tashkil etilgan omborxonalar faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan nazorat tadbirlarida;

savdo, nazorat-kassa mashinalari (virtual kassalar) va to‘lov terminallaridan foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan boshqa nazorat tadbirlarida.

O‘tkazilayotgan nazorat tadbirida quyidagi jarayonlar videotasvirga olinadi:

soliq to‘lovchi tomonidan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliq solish obektlari bilan bog‘liq hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo hamda boshqa binolarini, shu jumladan joylarni ko‘zdan kechirish, shuningdek soliq to‘lovchining mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazishda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillari tomonidan amalga oshirilgan huquqbuzarlik faktini qayd etishda;

nazorat xaridi bilan boshlanadigan tekshirishlarda xarid kuzatuvini amalga oshirilishi, nazorat kassa mashinasi (virtual kassa) hamda to‘lov terminallari ko‘rsatkichi bo‘yicha hisobotlarni olinishi hamda xazinadagi pul mablag‘larini sanoqdan o‘tkazilishi jarayonini kuzatishda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillari tomonidan tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmaganda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillari tomonidan tekshirish hujjatlariga imzo qo‘yishdan bosh tortilganda;

soliq to‘lovchi va uning vakillari yoki boshqa shaxslar tomonidan soliq nazoratini amalga oshirishda to‘sqinlik qilinganda;

soliqqa oid huquqbuzarlik predmetlari (narsa va hujjatlar), ish bo‘yicha ashyoviy dalillar olib qo‘yilganda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillarining talablariga ko‘ra;

zarur bo‘lganda hujjatlar nusxalarini tayyorlashda hamda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa hollarda.

Nazorat tadbirini videotasvirga olish soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaydigan va faoliyat ko‘rsatishiga ziyon yetkazmaydigan tarzda amalga oshiriladi.

Videotasvirga olish vaqti nazorat tadbirida soliq to‘lovchi tomonidan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliq solish obektlari bilan bog‘liq hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo hamda boshqa binolarni, shu jumladan joylarni ko‘zdan kechirish, shuningdek soliq to‘lovchining mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazish, ishga doir ashyoviy dalillarni, predmetlarni (narsa va hujjatlarni) olish jarayoni davomiyligida amalga oshiriladi.

Soliq organi tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida o‘tkaziladigan nazorat tadbiri jarayoni videotasvirga olingan hollarda xolislarning ishtirok etishi talab etilmaydi, qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.

Nazorat tadbiri natijasi bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada (bayonnomada, ma'lumotnomada) tadbir jarayonini videotasvirga olish moslamasi, videotasvirga olingan holatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettiriladi.

Soliq organi tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbiri jarayonini videotasvirga olishda soliq to‘lovchi yoki uning vakillari, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilinganda va qarshilik ko‘rsatilganda soliq organi xodimi mazkur holat yuzasidan dalolatnomani (bayonnomani) rasmiylashtirib, tegishliligi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari vakillarini nazorat tadbirida ishtirok etishga jalb qilishga haqli.

Ko‘proq yangiliklar: