O‘zbekiston kapital bozori dunyoga ochilmoqda: xalqaro konferensiyada nimalar haqida so‘z bordi?

Iqtisodiyot 18:10 / 15.11.2019 18020

Bugun, 15 noyabr kuni «O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojida kapital bozorining o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilgan ushbu anjuman Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan Oliy Majlis Senati, AOKA va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiyada yetakchi investitsiya kompaniyalari, moliyaviy institutlarning vakillari, kapital bozorining yetakchi ekspertlari, O‘zbekistonning yirik kompaniyalari va davlat organlari vakillari ishtirok etishdi.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirovning aytishicha, ushbu tadbir O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari va xalqaro investitsiya hamjamiyati, shuningdek, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatish uchun yaratish maqsadida tashkil etildi.

Otabek Nazirov

Xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqan xorijiy ekspertlar O‘zbekiston iqtisodiyotini bank sektoriga qayta kreditlash jarayonida davlatning ishtiroki haddan tashqari yuqori ekanini qayd etishdi va bunday sharoitda kapital bozorining rivojlanishi iqtisodiy rivojlanish sur'atlarini tezlashtirishda muhim ahamiyatga egaligini ta'kidlashdi.

Shu bilan birga, qonunchilikni «frontier markets» – chegara bozorlariga (ya'ni endigina rivojlanayotgan bozorlarga) muvofiqlashtirish, moliya bozorining tarkibiga brokerlar, pensiya jamg‘armalari, sug‘urta kompaniyalari va banklarni o‘z ichiga olgan ekotizimni yaratish, Jamoaviy investitsiya institutlarini rivojlantirish, shuningdek, yakka investorlarga bozorga sodda va tushunarli kirishni ta'minlash orqali aholining mablag‘larini fond bozoriga jalb qilish mexanizmini ishlab chiqish O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirishning eng dolzarb vazifalari hisoblanadi.

Kapital bozorini rivojlantirishning asosiy vazifalaridan biri emitent kompaniyalarning ochiqligi va shaffofligini ta'minlashdir. Shu o‘rinda O‘zbekistondagi eng yirik emitentlarning aksariyati davlat kompaniyalari ekanini alohida qayd etib o‘tish kerak. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vazifa AOKAning O‘zbekistondagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash bo‘yicha belgilangan yo‘nalishiga mos keladi.

Saida Mirziyoyeva

«Biz kapitalning samarali bozorini rivojlantirish uchun bozorning barcha ishtirokchilari o‘rtasida ishonchli va batafsil ma'lumot tarqatishning muhimligini, shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritib berishning muhimligini tushunamiz. Axborotlardan yetarlik darajada xabardorlik sarmoyaviy qarorlarni qabul qilishda, shuningdek, bozorning barcha ishtirokchilari o‘rtasida ishonchni shakllantirishda juda muhimdir», deya ta'kidladi xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqan Saida Mirziyoyeva.

Otabek Nazirov o‘z nutqida, bugungi kunda O‘zbekistondagi fond bozori shunchaki bezak yoki aksessuar emas, balki aholining farovonligini oshirish vositasi, shuningdek, iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan investitsiya resursni jalb qilish vositasi ekanligiga ta'kidladi.

«Fond birjasi vatandoshlarimizning farovonligini oshirishning samarali vositasi, iqtisodiy o‘sishdan foyda olish va munosib pensiya, yaxshi uy-joy bilan ta'minlash va kelajakka ishonch hosil qilish yo‘lidir», dedi Otabek Nazirov.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistondagi fond bozorini tartibga soluvchi, ya'ni Kapital bozorini rivojlantirish agentligining asosiy vazifasi investorlarni himoya qilishdan iborat bo‘lishi kerak alohida ta'kidlashdi. Investorlar o‘zlarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga amin bo‘lsalar, tavakkalchiliklarni moliyalashtirishga tayyor.

Xorijiy ekspertlarga ko‘ra, regulyatorning yana bir muhim vazifasi bu bozorni haddan tashqari tartibga solishning oldini olishdir, chunki u kapital bozorini buzishi mumkin. Turli xil ruxsatnomalarni berishda byurokratiya va ortiqcha talablarni, shuningdek, litsenziyalash va ro‘yxatga olish talablarini istisno qilish kerak.

 

Ko‘proq yangiliklar: