Navoiy viloyati hokimi: Tadbirkorlikka oid har bir loyiha shaxsiy nazoratimiz ostida bo‘ladi

O‘zbekiston 01:02 / 15.11.2019 3522

Prezident topshirig‘i bilan viloyat hokimlari tadbirkorlarga murojaatlar bilan chiqish qilmoqda. Xususan, Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov ham viloyat tadbirkorlariga murojaat yo‘llab, unda qator fakt va raqamlarni keltirib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Navoiy viloyatida tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismini yer ajratish, gaz, elektr va suv ta'minoti, qishloq xo‘jaligi, kreditlash va soliqqa tortish masalalari tashkil etmoqda.

O‘tgan yilning shu davrida viloyatda kichik biznes sub'yektlari soni 8,1 mingtani tashkil etib, ular tomonidan budjetga 266,2 mlrd so‘m to‘langan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida ularning soni 14 mingdan oshib, budjet tushumlari 508,8 mlrd so‘mga yetgan.

Viloyatda kichik biznes sohasida band bo‘lganlar soni 255,7 ming nafar aholini tashkil etib, umumiy band bo‘lganlarning 61,7 foizi, har ming kishiga kichik biznes sub'yektlari soni 14,1taga, kichik biznesning budjet tushumlarimizdagi ulushi 6 foizga to‘g‘ri kelmoqda.

Navoiy viloyati bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakatimiz miqyosida, xususan, aholi jon boshiga nisbatan sanoat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi, kapital quyilmalar bo‘yicha birinchi, pudrat ishlari, chakana savdo, xizmatlar hajmlari bo‘yicha ikkinchi, eksport bo‘yicha 3-o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Viloyatda innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar uchun butun Navoiy viloyati erkin iqtisodiy zona, deb e'lon qilingan va ularga bir qator (yer, mulk, daromad va yagona soliq to‘lovlaridan) imtiyozlar taqdim etilgan.

Qobil Tursunovning nutqidan iqtiboslar

«Turkiya davlatidan kelgan oddiy bir dehqon Xatirchi tumanining unumdorligi past yerlarida eng yuqori hosil olib, o‘z biznesini rivojlantirib, daromad ko‘rmoqda».

«Viloyat aholisining aksariyat qismi qishloq joylarida istiqomat qiladi. Hududlarga borib kuzatsangiz, maktab yoki qishloq vrachlik punki, mahalladan boshqa budjet tashkiloti bo‘lmasa, odamlar ishsizlikdan noliydi. Nima uchun har bir hududda tadbirkorlikning qaysidir yo‘nalishini tashkil etib, aholi bandligi va daromadlarini oshirishni o‘ylamaymiz?»

«Qachonki, tadbirkor ortiqcha sun'iy to‘siqlarga duch kelmasa, o‘z faoliyatini xotirjam amalga oshirsagina, ishida unum va baraka bo‘ladi. Shundagina elimizning dasturxoni to‘kin, oilasi xotirjam bo‘ladi».

«Men viloyat hokimi sifatida barcha tadbirkorlarni, qolaversa, o‘z biznesini boshlash niyatida bo‘lgan yurtdoshlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: «Tadbirkorlar viloyati» deya maqom berilgan viloyatimizning har bir hududida yashayotgan vatanparvar, fidoyi ishbilarmonlarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz».

«Sizning tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlagan holda har bir loyihangiz shaxsiy nazoratimiz ostida bo‘ladi. Loyihani ishlab chiqishdan to uni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonda bevosita ko‘mak berish – bizning birinchi galdagi vazifamizdir». 

«Barchamiz bir narsani anglashimiz kerakki, sizlarning har bir loyiha va xayrli ishlaringiz – viloyatimiz, tumanimiz, qishloq va mahallalarimizning ertangi kelajagi, aholi faravonligining kafolatidir. Sizlar tufayli yurtimizda ishsizlik qisqaradi, daromadlar oshadi, oilalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz turmushidan minnatdor bo‘lib, o‘z go‘shasida halovat topadi».

Ko‘proq yangiliklar: