Bektemir Meliqo‘ziyev Oskar De La Xoyyaning kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi

Sport 23:54 / 15.11.2019 8447

O‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev AQShning Golden Boy Promotions promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda Rossiyaning “Mir boksa” kompaniyasi ma'lum qildi. 

Hamyurtimiz oxirgi jangini 2 noyabrda o‘tkazib, amerikalik Kley Kollardni mag‘lub etgandi. Bektemir professional ringda uchta jangda uchta muddatdan avval g‘alabaga erishib, Golden Boy va “Mir Boksa” kompaniyalari yordamida ikkinchi o‘rta vaznda yuqoriroq cho‘qqilarga ko‘tarilishni istamoqda.

Bokschining o‘zi shartnoma imzolaganidan mamnun ekanligini aytgan. “Men televizor orqali ko‘plab katta janglarni ko‘rganman va qachondir AQSh televideniyesi orqali janglari namoyish qilinuvchi bokschilardan biriga aylanaman, deb orzu qilganman. Hozir menda shunday imkoniyat paydo bo‘ldi”, deb aytgan o‘zbekistonlik sportchi.

Golden Boy Promotions’ning egasi amerikalik mashhur bokschi, bir necha karra jahon chempioni Oskar De La Xoyya hisoblanadi. “Biz Bektemir Meliqo‘ziyevni ilgari surish bo‘yicha “Mir Boksa” bilan birga ishlashdan mamnunmiz. Bu yigit haqiqiy yirtqich. U kuchli, baquvvat va uning qo‘l-oyoqlari juda chaqqon, ayniqsa ushbu vazn toifasi uchun”, deb aytgan De La Xoyya.

Ko‘proq yangiliklar: