Bashar Asad “Oq kaskalar” asoschisi MRB buyrug‘i bilan o‘ldirilganini aytdi

Jahon 01:15 / 15.11.2019 14369

“Oq kaskalar” gumanitar tashkiloti asoschisi, 11 noyabrda Istanbulda jonsiz holda topilgan Jyeyms Le Mezyure AQShning markaziy razvedka boshqarmasi ko‘rsatmasiga ko‘ra o‘ldirilgan. Bunday fikrni Suriya prezidenti Bashar Asad “Rossiya-24” telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

“Amerikalik milliarder Jyeffri Epshteyn bir necha hafta avval o‘ldirilgandi va uni turmada o‘z joniga qasd qildi deb aytishgandi. U esa o‘ldirilgan, chunki Britaniya va AQSh, ehtimol boshqa davlatlardagi juda muhim shaxslar bilan bog‘liq juda ko‘p sirlarni bilgan. Hozir “Oq kaskalar” asoschisi o‘ldirildi, u zobit bo‘lgan va butun hayoti davomida NATO bilan Afg‘oniston, Kosovo, Iroq va Livanda ishlagan”, deb aytgan Asad.

“Bizga ma'lumki, “Oq kaskalar” vakillari “Al-Qoida”ning bir qismidir. O‘ylashimcha, bu odamlar, jumladan avvalroq yo‘q qilingan bin Lodin [“Al-Qoida” yetakchisi] va al-Bag‘dodiy [IShID yetakchisi] avvalambor muhim sirlarni bilgani uchun o‘ldirilgan. Ular o‘z vazifalarini bajargach, ortiqcha tashvishga aylangan. Ular o‘z rollarini bajargach, ulardan xalos bo‘lishga o‘tkir zarurat paydo bo‘lgan”, deb qo‘shimcha qilgan Suriya prezidenti.  

Asadning fikricha, bu odamlarning barchasini MRB yo‘q qilgan. “Albatta, bu maxsus xizmatlar ishi. Biroq qanday maxsus xizmatlar? Biz g‘arb maxsus xizmatlari, turk va mintaqamizdagi boshqa maxsus xizmatlar haqida gapirganimizda, bilingki, ular suveren davlatlar maxsus xizmatlari emas, ular bosh razvedka xizmati – MRBning bo‘linmalaridir”, deb ta'kidlab o‘tgan  Asad.

Jyeyms Le Mezyure 11 noyabrda Istanbuldagi uyi yonida jonsiz holda topilgandi. Turk OAVning xabar qilishicha, Le Mezyure ko‘plab sinish jarohatlari bilan topilgan. Uning o‘limi bo‘yicha tergov boshlangan.

Le Mezyure “Oq kaskalar”ni mashq qildirgan Mayday Rescue tashkilotiga asos solgan. “Oq kaskalar” Suriyada aviazarbalardan keyin yaralanganlarni qutqarish bilan shug‘ullanadi. Tashkilot vakillari Suriyadagi ixtilof vaqtida o‘n minglab odamlarni qutqarishgani aytiladi.

Ammo Suriya hukumati va uni qo‘llab-quvvatlovchi Eron va Rossiya tashkilotni terrorchilarga yordam berishda ayblab keladi.

Ko‘proq yangiliklar: