YeTTB O‘zbekistonda davlat korxonalarini boshqarishning institutsional bazasini va davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlik qilishni taklif qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlik munosabatlari ildam rivojlanayotganligini va o‘zaro foydali hamkorlik kengayib borayotganligini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Jumladan, o‘tgan yil oktyabrda O‘zbekiston bo‘yicha Strategiya qabul qilindi. YeTTB ekspertlari ko‘magida bugun energetika, bank va moliya sektorlarida, mamlakatimizda kapital bozorini rivojlantirish va raqobat muhitini yaxshilash sohasida islohotlar ishlab chiqilmoqda hamda amalga oshirilmoqda.
YeTTB O‘zbekiston Respublikasida davlat korxonalarini boshqarishning institutsional bazasini va davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini, shuningdek tegishli normativ-huquqiy bazani takomillashtirish kabi qator yo‘nalishlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlik qilishni taklif qildi. Shu munosabat bilan uchrashuvda YeTTB maslahatchilari o‘z ishida e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan masalalar doirasi belgilab olindi.
Shuningdek tegishli qonun hujjatlarini ishlab chiqish va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Bundan oldin, YeTTB O‘zbekistonda ikkinchi vakolatxonasini ochayotgani xabar qilingandi.